Toshkentda avtobusda chiptasiz yurishni aniqlash osonlashdi: nazorat qanday o‘zgardi?
Toshkentda avtobuslarda yo‘l haqini to‘lamagan yo‘lovchilarni aniqlash tartibi bosqichma-bosqich takomillashtirildi. Endi yo‘lovchi avtobusga chiqishi bilan yo‘lkira haqini to‘lashi kerak, nazoratchilar tekshiruvni boshlaganda esa validatorlar vaqtincha bloklanadi. Yangi tartiblar joriy etilganidan keyin ma’muriy bayonnomalar soni ham sezilarli oshdi. Bu raqamlar nimani anglatadi va yo‘lovchilar nimalarga e’tibor berishi kerak?
Jamoat transportidan foydalanishda qulaylik va tartib bir-birini to‘ldirishi kerak. Yo‘lovchi manziliga o‘z vaqtida yetib borishi, yo‘l haqini esa ortiqcha ovoragarchiliksiz to‘lashi muhim. Buning uchun elektron to‘lov tizimlarini takomillashtirish, ulardan foydalanishni osonlashtirish va to‘lov intizomini ta’minlash bo‘yicha izchil ish olib borish talab etiladi.
Ayniqsa, yo‘lkira to‘lovini amalga oshirish vaqti aniq belgilanishi va nazorat jarayonida turli bahsli holatlarning oldini olish muhim. Toshkent shahridagi avtobus yo‘nalishlarida joriy etilgan yangi tartiblar ham shu maqsadga qaratilgan. Bunda faqat qoidabuzarlikni aniqlash emas, balki yo‘lovchilar uchun tushunarli va barchaga birdek qo‘llanadigan to‘lov qoidalarini shakllantirish ham ahamiyatli.
Yo‘l haqini qachon to‘lash kerak?
Vazirlar Mahkamasining 276-sonli qaroriga muvofiq, 1-sentabrdan boshlab yo‘lovchilar avtobusga chiqishi bilan yo‘lkira haqini to‘lashi belgilangan. Buning uchun transport yoki bank kartasini validatorga tekkizish, elektron to‘lovni amalga oshirish yoxud imtiyozli yo‘lovchi bo‘lsa, tegishli karta orqali o‘z huquqini tasdiqlashi lozim. Ya’ni, to‘lovni keyinroq, masalan, bekatga yetib borganda yoki avtobusdan tushish oldidan amalga oshirish mumkin emas. Yo‘lovchi avtobusga chiqqan paytda to‘lovni amalga oshirmagan bo‘lsa, u chiptasiz harakatlanayotgan yo‘lovchi sifatida baholanishi mumkin. Ushbu talab, avvalo, yo‘lovchilar uchun to‘lov vaqtiga oid noaniqliklarni bartaraf etishga qaratilgan. Shuning uchun avtobusga chiqqanda to‘lovni darhol amalga oshirishni odatga aylantirish keyingi tushunmovchiliklarning oldini oladi.
Nazorat boshlanganda validatorlar nega bloklanadi?
Yangilikning ikkinchi bosqichi esa 1-oktabrdan joriy etildi. Unga ko‘ra, nazoratchilar avtobusga kirib, tekshiruvni boshlagan vaqtda validatorlar vaqtincha bloklanadi. Buning sababi bor: nazoratchilarni ko‘rgandan keyingina yo‘l haqini to‘lashga urinish holatlarini aniqlash uchun nazorat jarayonida to‘lov imkoniyati vaqtincha cheklanadi.

Masalan, yo‘lovchi avtobusga chiqqanida to‘lovni amalga oshirmagan, ammo nazoratchilarni ko‘rgach, karta tekkizishga uringan bo‘lishi mumkin. Validatorlarni vaqtincha bloklash ana shunday holatlarni farqlashni osonlashtiradi. Tekshiruv tugagach, validatorlar yana ishga tushiriladi.
Bayonnomalar soni qariyb ikki barobar oshgan
Transport boshqarmasining O‘zAga ma’lum qilishicha, Toshkent shahrida avtobuslarda yo‘l haqini to‘lamagan yo‘lovchilarga nisbatan rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnomalar soni yilning so‘nggi oylarida sezilarli oshgan. Xususan, avgust oyida 10 ming 843 ta bayonnoma rasmiylashtirilgan bo‘lsa, sentabrda bu ko‘rsatkich 20 ming 286 taga yetgan. Bu bir oyda 9 ming 443 taga yoki 87,1 foizga ko‘p degani. Oktyabr oyining dastlabki 26 kunida esa 21 ming 116 ta bayonnoma rasmiylashtirilgan. Bu sentabr oyidagi to‘liq ko‘rsatkichdan ham 830 taga ko‘p demak. Shuningdek, kunlik o‘rtacha natijalarda ham o‘sish kuzatilgan: avgustda bir kunda o‘rtacha 350 ta, sentabrda 676 ta bayonnoma rasmiylashtirilgan. Oktyabrning 1–26 kunlarida esa kunlik o‘rtacha ko‘rsatkich 812 tani tashkil etgan. Yil boshidan 26-oktabrga qadar esa yo‘l haqini to‘lamagan jami 134 ming 300 nafar yo‘lovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Bayonnomalar sonining oshishini esa chiptasiz yurish holatlarining ko‘paygani bilan izohlab bo‘lmaydi. Bu ko‘rsatkichga nazorat qamrovining kengayishi va qoidabuzarliklarni aniqlash imkoniyatlarining oshgani ham ta’sir ko‘rsatadi.
To‘lov tizimini samarali tashkil etish bo‘yicha nega hamon inson resurslaridan foydalanilmoqda?
Avtobuslarga o‘rnatilgan kameralarni sun’iy intellekt tizimiga integratsiya qilib, yo‘l haqini o‘z vaqtida to‘lamagan yo‘lovchilarni avtomatik aniqlash orqali ham ularga nisbatan chora ko‘rish tizimi joriy etilishi mumkin edi-ku? Nega hamon bu borada inson resurslaridan foydalanilmoqda?
Toshkent shahar yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish davlat muassasasi direktor o‘rinbosari — Abduvohid Xudayberdiyevning bu yuzasidan tushuntirishicha, chiptasiz yurishga qarshi nazorat choralari xorijiy tajriba va mahalliy sharoit hisobga olingan holda bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.
Misol, dastlab yo‘lovchilarga elektron to‘lov tartibi tushuntirilib, keyin ma’muriy javobgarlik qo‘llanila boshlangan. Joriy yil sentabrdan esa yo‘l haqini avtobusga chiqish vaqtida to‘lash talabi belgilangan, oktabrdan esa nazorat paytida validatorlarni vaqtincha bloklash amaliyoti joriy etilgan.
Joriy yil boshidan 26-oktabrga qadar esa chiptasiz yurgan yo‘lovchilarga nisbatan 134 ming 300 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 3 milliard 98 million so‘mdan ortiq jarima undirilgan.
Ayni paytda esa yo‘lovchilar sonini amalga oshirilgan to‘lovlar bilan avtomatik taqqoslaydigan sun’iy intellekt yechimlari ham tayyorlangan bo‘lib, ularni dastlab sinovdan o‘tkazib, keyin bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilmoqda.
“Asosiy maqsad ko‘proq jarima undirish emas, balki yo‘lovchilarda avtobusga chiqqandayoq yo‘l haqini to‘lash odatini shakllantirishdir”, deydi Abduvohid Xudayberdiyev.
Xulosa o‘rnida aytish joiz, bugun yo‘lovchilarga avtobuslarni avvalgidek uzoq kutib turmasdan, belgilangan jadval asosida qatnayotgan transport orqali manziliga tezroq yetib olish sharoitlari yaratildi. Buning uchun esa atigi 2,5 ming so‘m to‘lash kifoya. Shunday ekan, yo‘l haqini to‘lamaslik oqibatida jarimaga tortilishdan ko‘ra, arzimagan mablag‘ni o‘z vaqtida to‘lab, manzilga xotirjam yetib olish afzal emasmi?
Mohichehra Eshmirzayeva,
O‘zA