Bolalarni zararli kontent va axborot xavfsizligidan himoya qilish zarur
Termiz shahrida Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi Surxondaryo va Qashqadaryo viloyati mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, ommaviy axborot vositalari, noshirlik-matbaa sohasi hamda sohaga aloqador tashkilotlar vakillari uchun “Axborot makonida milliy qonunchilik talablari, kontent mas’uliyati va bolalarni zararli axborotdan himoya qilishning dolzarb masalalari” hududlararo o‘quv-seminari tashkil etdi.
Unda surxondaryoliklar bevosita va Qashqadaryo viloyati vakillari Zoom platformasi orqali onlayn ishtirok etdi.

Seminar ochilishida Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi boshqarma boshlig‘i G‘ayrat Bozorov Zoom platformasi orqali qatnashib, tadbirning asosiy maqsadi va sohada yuz bergan o‘zgarishlar haqida atroflicha so‘z yuritdi. O‘quv mashg‘ulotini yuksak saviyada o‘tkazishga omad tiladi.

Mashg‘ulot Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari, davlat tili bo‘yicha maslahatchisi Murodbek Davlatovning “Bolalar manfaatlarini ta’minlashda mahalliy davlat hokimiyati organlarining mas’uliyati va xavfsiz axborot muhitini shakllantirish mexanizmlari” mavzuidagi ma’ruzasi bilan boshlandi.

Qayd etildiki, hozirgi globallashuv davrida axborot makonida milliy qonunchilik talablariga rioya etish, kontent tayyorlash va tarqatishdagi mas’uliyat, bolalarni zararli axborotdan himoya qilish, ular uchun xavfsiz axborot muhitini shakllantirish dolzarb vazifalardan biriga aylandi. Raqamli технологиялар hayotning barcha sohalariga chuqur kirib borayotgan bizning davrimizda bolalar internet va raqamli platformalarning eng faol foydalanuvchisi bo‘lib qolmoqda. Internet ular uchun ta’lim olish, muloqot qilish va ijodiy salohiyatni rivojlantirish imkoniyatlarini yaratsa-da, zararli axborot, kiberbulling, qimor o‘yinlari targ‘iboti, narkotik moddalarni ommalashtirish, pornografik materiallar, soxta axborot va sun’iy intellekt yordamida yaratilgan deepfake materiallari kabi yangi axborot xavflarini keltirib chiqarmoqda.

Xalqaro tashkilotlar ma’lumotlarida dunyodagi internet foydalanuvchilarining qariyb uchdan bir qismini 18 yoshga to‘lmagan bolalar tashkil etayotgani ko‘rsatilgan. Bu holat bolalarning raqamli muhitdagi xavfsizligini ta’minlashga dunyoda davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralayotganini namoyon etmoqda. Endilikda bolalarning axborot xavfsizligi faqat internetdagi zararli materiallarni cheklash bilan emas, balki ularning huquqlarini himoya qilish, axborotni tanqidiy baholash ko‘nikmasini shakllantirish va mas’uliyatli axborot muhitini yaratish bilan ta’minlanadi. Bu muhitni shakllantirishda ota-onalar va ta’lim muassasalari bilan birga mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, ijtimoiy himoya tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va axborot xizmatlarining alohida o‘rni bor.

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda 4 ming 479 nafar bola ijtimoiy himoya tizimida hisobda turadi. Ularning 2 ming 891 nafariga vasiylik, 1 ming 244 nafariga homiylik, 54 nafariga patronat tarbiya, 45 nafariga oilaviy bolalar uylarida tarbiyalanish shakli belgilangan. Yana 245 nafar bolaga hamrohlik xizmati ko‘rsatilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida ularning holati monitoringdan o‘tkazilgan. Shuningdek, ota-ona qaramog‘isiz qolgan 739 nafar bolaga vasiylik va homiylik belgilangan.

– Bu raqamlar ortida bolalarning hayoti, taqdiri va kelajagi turibdi, – deydi Murodbek Davlatov. – Shu bois asosiy e’tibor faqat hisob yuritish yoki ko‘rsatilgan yordam hajmiga emas, balki har bir bolaning hayotida qanday ijobiy o‘zgarish yuz berayotganiga qaratilishi kerak. Viloyatda bu borada amalga oshirilayotgan manzilli ishlar bolalar va yoshlarning mustaqil hayotga qadam qo‘yishi uchun qulay imkoniyat yaratmoqda. Lekin, bu ishlar samaradorligi faqat ajratilgan yordam yoki ishga joylashtirilganlar soni bilan cheklanmasligi lozim. Asosiy mezon — bolaning hayotidagi real o‘zgarish, uning xavfsizligi, ta’lim olishi, kasb egallashi va kelajakka ishonch bilan qarashi uchun zarur sharoit yaratilgani bilan o‘lchanishi kerak. Bu tamoyil axborot xavfsizligi sohasida ham muhim. Chunki bolaning ijtimoiy muammosini hal etish jarayonida uning shaxsiy ma’lumotlari oshkor bo‘lishi, jamoatchilik e’tibori tufayli bosimga uchrashi yoki salbiy tamg‘aga duch kelishi mumkin. Shu bois ijtimoiy himoya va axborot xavfsizligini bir-biridan ajratib bo‘lmaydi. Bolani qo‘llab-quvvatlash jarayoni uning huquqlari va qadr-qimmatini himoya qilish bilan birga olib borilishi zarur.

Seminar qatnashchilari Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasining Surxondaryo va Qashqadaryo viloyat hududiy bo‘limlari axborot sohasida monitoring va nazorat bo‘yicha bosh mutaxassisi Zaxriddin To‘rayev hamda Usmon Nusurovning “Hududiy axborot makonida qonuniylikni ta’minlashda hududiy inspeksiya va OAV hamkorligi”, “Qashqadaryo viloyati axborot makonida qonuniylikni ta’minlash va OAV bilan hamkorlik tajribasi”, “Surxondaryo viloyati teleradiokanali” davlat muassasasi direktori Muhiddin Jabborovning “Xavfsiz axborot muhitini yaratishda OAV mas’uliyati” mavzuiga bag‘ishlangan ma’ruzalari bilan tanishdi. Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi bo‘lim boshliqlari Nigora Xodjayeva, Asliddin Jo‘rayev va Faxriddin Karimovning “Bolalarni zararli axborotlardan himoya qilish: huquqiy asoslar, yoshga oid tasniflash va ekspertiza masalalari”, “Ommaviy axborot vositalarida noqonuniy kontentning oldini olishda tashkiliy-huquqiy asoslar”, “Axborot sohasidagi faoliyatni tartibga soluvchi qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati” mavzuidagi ma’ruzalari tinglandi.

Ta’kidlandiki, jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tadqiqotlariga ko‘ra, o‘smirlarning 11 foizida ijtimoiy tarmoqlardan muammoli foydalanish belgilari kuzatilgan. Bu kabi tendensiyalar O‘zbekiston uchun ham dolzarb hisoblanadi. Milliy axborot makonida 2026-yilning birinchi yarim yilligida o‘tkazilgan monitoring natijalari axborot sohasida davlat nazoratini yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda. Jumladan, shu yilning birinchi yarmida axborot sohasida o‘tkazilgan monitoring chog‘ida qonunbuzilishga sabab bo‘lgan 6 ming 77 ta holat aniqlandi. Ularning 3 ming 652 tasi “UZ” domeni hududidagi veb-saytlarda, 114 tasi teleradio kanallarda, 1 ming 347 tasi noshirlik mahsulotlari va 964 tasi gazeta - jurnallarda qayd etildi. Bunday qonunbuzilishlarning asosiy qismi qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar, axloqsizlik va behayolik targ‘iboti, alkogol, tamaki mahsulotlari va narkotik moddalar reklamasi bilan bog‘liq bo‘lgani kuzatildi.

Bu raqamlar bolalarni zararli axborotdan himoya qilishda faqat huquqbuzarliklarni aniqlash emas, balki ularning oldini olish mexanizmlarini ham kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.
– Bolalar uchun xavfsiz axborot muhitini shakllantirish davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, raqamli platformalar, ta’lim muassasalari, fuqarolik jamiyati institutlari va ota-onalarning hamkorligini talab etadi, – deydi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘i Nigora Xodjayeva. – Davlat nazorati mexanizmlarini zamonaviy raqamli texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirish, profilaktik yondashuvlarni kuchaytirish, milliy qonunchilikni xalqaro ilg‘or amaliyotlar asosida takomillashtirish ham bu yo‘nalishdagi ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Seminar doirasida ishtirokchilar axborot sohasidagi faoliyatni tartibga soluvchi qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati, ommaviy axborot vositalarida noqonuniy kontentning oldini olishning tashkiliy-huquqiy asoslari, ommaviy axborot vositasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi, bolalar uchun xavfsiz axborot muhitini shakllantirish masalalarini atroflicha muhokama etdi. Kibermakonda qonuniylikni ta’minlash, raqamli muhitda bolalar xavfsizligi va axborot xavflarining oldini olishga bag‘ishlangan maxsus videorolik namoyish etildi. Seminar qatnashchilarining savollariga javob berildi.

– O‘quv-seminar foydali ma’lumot va tavsiyalarga juda boy bo‘ldi, – deydi Denov tumanidagi “Chag‘aniyon” gazetasi bosh muharriri Feruza To‘rayeva. – Axborot sohasidagi milliy qonunchilik talablari bilan yaqindan tanishdik. Bolalarni zararli axborotlardan himoya qilish va kontent mas’uliyati haqida foydali ma’lumotlarga ega bo‘ldik.

O‘quv mashg‘uloti yakunida faol ishtirokchilarga maxsus sertifikat topshirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri