Toshkent–Xiva yo‘nalishida yangi tezkor qatnov yo‘lga qo‘yildi (+video)
Toshkent va Xiva o‘rtasidagi temiryo‘l qatnovida yangi bosqich boshlandi. “Jaloliddin Manguberdi” nomli yangi tezyurar poyezd ilk qatnovini amalga oshirib, poytaxt va qadimiy Xorazm diyorini yanada yaqinlashtirdi.
Mazkur tezyurar elektropoyezd Janubiy Koreyaning "Hyundai Rotem" kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan bo‘lib, 7 vagondan iborat. Tarkib bir vaqtning o‘zida qariyb 390 nafar yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan. Poyezd 250 km/soat tezlikka chiqa oladi hamda Toshkent va Xiva o‘rtasidagi 1 ming 100 kilometrlik masofani 14-15 soatda emas atigi 7,5 soatda bosib o‘tdi.
Poyezd ichidagi muhit ham odatdagi safarlardan farq qiladi. Kimdir oynadan ortda qolayotgan manzaralarni kuzatgan bo‘lsa, yana kimdir ushbu tarixiy lahzani telefon kamerasiga muhrladi. Yo‘lovchilar orasida xorijlik sayyohlarning ko‘pligi esa yangi yo‘nalish turizm uchun ham katta imkoniyat bo‘lishidan darak beradi.
Yangi yo‘nalish xorijlik sayyohlar uchun katta qiziqish uyg‘otgan bo‘lsa, poyezdning ilk yo‘lovchilari orasida uzoq yillardan buyon ushbu yo‘nalishda qatnab kelayotgan yurtdoshlarimizning quvonchi cheksiz.
Darxaqiqat, poyezdning ichki qismi zamonaviy va qulay sharoitlari bilan yo‘lovchilar e’tiborini tortdi. Keng va yumshoq o‘rindiqlar, elektron axborot panellari, telefonlarni quvvatlash imkoniyati hamda mo‘tadil iqlimni ta’minlovchi tizimlar safar davomida yo‘lovchilar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratdi.
Yo‘nalish davomida poyezd Samarqand, Buxoro hamda Urganch temir yo‘l vokzallarida to‘xtab o‘tdi. Xorazmliklar quvonchiga sherik bo‘lgan yurtdoshlarimiz yangi poyezdni hursandchilik va o‘zgacha kayfiyat bilan qarshi olishdi.
Bugun yo‘lga qo‘yilgan ushbu qatnov yo‘lovchilar uchun vaqt tejalishi, qulaylik va zamonaviy xizmatlar bilan ajralib turadigan yangi transport imkoniyatini taqdim etdi. Eng muhimi, u poytaxt va Xorazm vohasi o‘rtasidagi safarni yanada tezkor va qulay qilishga erishdi.
Mazkur yo‘nalishning yo‘lga qo‘yilishi hududlar o‘rtasidagi transport aloqalarini mustahkamlab, yo‘lovchilar uchun qulay va tezkor safar imkoniyatlarini kengaytiradi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/V8XrQhghEII" title="Toshkent–Xiva yo`nalishida yangi tezkor qatnov yo`lga qo`yildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Feruza Sultonova,
Nozimjon Mardonov, Salimjon Obidjonov, O‘zA