Toshkent – Xiva: masofa yaqinlashdi
Bugun Toshkent Markaziy temir yo‘l vokzalidan ilk qatnovini amalga oshirgan “Jaloliddin Manguberdi” yuqori tezlikdagi elektropoyezdi Xivaga yetib keldi.
Asrlar davomida karvon yo‘llarining chorrahasi bo‘lgan, Qizilqum barxanlari osha haftalab yo‘l bosilgan masofalar ko‘z ochib yumguncha bosib o‘tilmoqda.
Ilgari temir yo‘l orqali Toshkentdan Xivagacha bo‘lgan 1022 kilometrlik masofani bosib o‘tish uchun yo‘lovchidan kamida 14 soat vaqt va katta sabr talab qilinar edi. Endilikda esa Janubiy Koreyaning “Hyundai Rotem” kompaniyasi bilan hamkorlikda olib kelingan zamonaviy poyezd bu masofani bor-yo‘g‘i 7,5 soatda zabt etdi.
[gallery-29231]
– Soatiga 250 kilometr tezlikda harakatlanuvchi ushbu “po‘lat tulpor” cho‘l bag‘rini yorib o‘tib, ikki qadimiy shaharni bir nafasda tutashtirdi, – deydi yo‘lovchi Salomat Rajabova. – Bu nafaqat tezlik, balki yurtimizning iqtisodiy va turistik salohiyati yangi pog‘onaga ko‘tarilganining ramzidir. Ochig‘i yo‘l safari qanday o‘tganligini ham unutib qo‘ydik. Ortiqcha shovqin va silkitishlar yo‘q. Hamma yoq ozoda. Vagon kuzatuvchilarining barchasi xushmuomala, shirinso‘z. Ertalab poyezdga chiqdik, qarabsizki mana tushlikka yetib keldik. Men ushbu elektropozd qatnovi yo‘lga qo‘yilganidan juda xursandman.
Yettita vagondan iborat tarkib 389 nafar yo‘lovchini o‘z bag‘riga oladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ilk qatnovda ham poyezd yo‘lovchilarining aksariyati xorijlik sayyohlardan iborat bo‘ldi. Reys davomida Samarqand, Buxoro va Urganch shaharlarida sayyohlarning ayrimlari tushib, ayrimlari esa poyezdga chiqishgan. Bu esa mazkur qatnovning yo‘lga qo‘yilishi mamlakatimizda turistik infratuzilma yanada mukammallashganini ko‘rsatadi.
– O‘zbekistonga kelib, o‘zimizning “Hyundai Rotem” poyezdida Xivaga qarab yo‘lga chiqqanimda, xuddi Koreyadagi tezyurar poyezdlarida ketayotgandek his qildim, – deydi koreyalik sayyoh Pak Sang Vu – Faqat deraza ortida Koreyaning yashil tog‘lari emas, afsonaviy Qizilqum sahrosi namoyon bo‘lib turardi. Bu juda ajoyib kontrast bo‘ldi. Xiva – tirik tarix. Ushbu poyezd esa shu tarixga olib boruvchi eng zamonaviy yo‘ldir. Endilikda sayyohlar uchun O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish yanada jozibali bo‘ladi.
Darhaqiqat, ushbu poyezd shunchaki zamonaviy transport vositasi emas, balki mamlakatimizning keskin kontinental iqlimiga bardosh bera oladigan muhandislik mo‘’jizasidir. U Sahroning +50 daraja jazirama issig‘ida ham, qishning -40 daraja qahratonida ham yo‘lovchilarga bekamu ko‘st xizmat qiladi.
Mazkur poyezd davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan olib kelingan bo‘lib, yangi temir yo‘l yo‘nalishlari qurilib, elektrlashtirish ishlari keng ko‘lamda olib borildi. Islohotlar to‘xtab qolmaydi. 2027-yildan boshlab ushbu tezyurar poyezdlar qatnovi Qoraqalpog‘iston respublikasi Nukus shahrigacha uzaytirilishi rejalashtirilgan. Bu degani, Orol bo‘yi bilan poytaxt orasidagi masofa ham xuddi shunday qisqaradi.
Endilikda yurtdoshlarimiz va xorijlik sayyohlar ushbu poyezdda Toshkentdan Xivaga seshanba, payshanba va shanba hamda Xivadan Toshkentga esa chorshanba, juma va yakshanba kunlari o‘z manzillari tomon harakatlanishlari mumkin.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari