Faxriy maqomini olganlar sanatoriy-kurortlarda bepul davolanishi mumkin
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Faxriylar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, hozirda faxriylar uchun yaratilgan imtiyozlar turli normativ hujjatlarda belgilangan bo‘lib, tarqoq holda amalga oshirilib kelinmoqda. Shu bois, ushbu yo‘nalishdagi huquqiy hujjatlarni yagona tizimga mujassamlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasida faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish nazarda tutilgan.
Xususan, loyiha bilan faxriylar maqomi, toifalari hamda mas’ul vazirlik va idoralarning vakolatlari belgilanmoqda. Faxriylarning huquqiy va ijtimoiy himoyasi, imtiyoz hamda kafolatlari mustahkamlanmoqda.

Shuningdek, loyihaga ko‘ra, muayyan bir soha, tarmoq yoki kasbda uzoq yillar mobaynida vijdonan namunali mehnat qilish orqali davlat hamda jamiyat e’tirofiga sazovor bo‘lgan jismoniy shaxslarga faxriy maqomi berilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu maqomni olgan fuqarolar sanatoriy-kurort va sog‘lomlashtirish muassasalarida bepul davolanish, uy-joy kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlarini olish, soliq va pensiyaga oid imtiyozlardan foydalanish kabi huquqlarga ega bo‘ladi.
Shuningdek, faxriylarning ambulator davolanishda dori vositalari bilan imtiyozli ta’minlanishi, madaniyat va ko‘ngilochar muassasalar — sport, teatr, moddiy madaniy meros ob’ektlari hamda muzeylarning pulli xizmatlaridan imtiyozli foydalanishi belgilanmoqda.
Loyihada nazarda tutilayotgan normalar faxriylarga muayyan imtiyoz va kafolatlarni qonun bilan mustahkamlashga, pirovardida keksa avlod vakillarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, faxriylarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilish sohasidagi vakolatlarni tartibga soladi.
Muhokamalarda loyihaning muhimligi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirilib, qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA