Toshkent xalqaro moliya markazi hududida maxsus huquqiy rejim joriy etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, Toshkent xalqaro moliya markazi hududida konstitutsiyaviy qonun bilan o‘rnatiladigan maxsus huquqiy rejim joriy etiladi.
Maxsus huquqiy rejim doirasida:
a) Markazning boshqaruv organlariga fuqarolik, korporativ, tijorat, moliya, bank, soliq, davlat xaridlari, mehnat huquqi hamda shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish sohasini tartibga soluvchi Markaz hududida tatbiq etiladigan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqi beriladi;
b) Markaz hududida Angliya va Uels umumiy huquqi hamda adolat tamoyillari to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llaniladi, Markaz to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonunda va Markaz normativ-huquqiy hujjatlarida belgilangan boshqacha qoidalar bundan mustasno;
Markaz boshqa xalqaro moliya markazlarining ilg‘or tajribasi, tamoyillari, standartlari va qoidalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘z hududida amal qilishini belgilashga haqli;
v) Markaz boshqa xorijiy davlatlarning xalqaro moliya markazlari bilan ularning rezidentlari va litsenziyalarini tan olish, ikkiyoqlama rezidentlik, moliyaviy xizmatlarni tartibga soluvchi organlar bilan axborot almashish borasida shartnomalar tuzish va tegishli tartiblarni o‘rnatishga vakolatli;
g) Markaz ishtirokchilariga va ularning xodimlariga quyidagi huquqlar beriladi:
pul majburiyatlarini o‘zlarining shartnomalarida belgilangan xorijiy valyutalarda, shu jumladan, kripto aktivda bajarish;
mehnat faoliyati huquqini beradigan tasdiqnomani olmasdan chet ellik fuqarolarni ishga qabul qilish;
vakolatli davlat organlari bilan kelishgan holda Markaz tomonidan belgilanadigan Markaz organlari va ishtirokchilari xodimlari hamda ularning oila a’zolariga 5 yilgacha kirish vizasini olish (maxsus viza tartibi);
Markaz hududidagi faoliyatdan olingan kapital yoki daromadni cheklovlarsiz repatriatsiya qilish;
d) 2076-yil 1-yanvargacha Markaz hududida farmonga muvofiq, soliq imtiyozlari qo‘llaniladi;
j) soliq organlari va Markaz (shu jumladan, uning ishtirokchilari) o‘rtasidagi soliqqa tortishga oid masalalar Markaz hujjatlari bilan tartibga solinadi.
O‘zA