O‘zbekiston-Germaniya: “yashil” iqtisodiyotga 9 million yevro grant jalb etiladi
Mamlakatimiz hududlarini barqaror rivojlantirish va “yashil” iqtisodiyotni rag‘batlantirish maqsadida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan yangi kelishuv imzolandi. Unga ko‘ra, master rejalarni ishlab chiqish va “yashil” pilot loyihalarni amalga oshirish uchun 9 million yevro miqdorida grant mablag‘lari jalb etiladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi mutasaddilari ishtirok etgan uchrashuvda tomonlar mazkur kelishuvga erishdi.
Muzokaralar davomida tomonlar amalga oshirilgan loyihalar natijalarini tahlil qilib, kelgusidagi ustuvor vazifalarni belgilab oldi. Qayd etilishicha, avval ajratilgan grant mablag‘lari hisobiga 12 ta tuman uchun kompleks rivojlanish master rejalari ishlab chiqilgan va 24 ta pilot loyiha ijobiy baholangan.

Xususan, ushbu loyihalar doirasida Shahrisabz tumanida 500 gektar maydonda agroturizm majmuasi tashkil etildi. Shuningdek, Amudaryo, Chimboy, Bulung‘ur, Kattaqo‘rg‘on, Mirishkor, Xiva va Hazorasp tumanlarida kasbga o‘qitish markazlari yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, intensiv baliqchilik xo‘jaliklari rivojlantirildi, ijtimoiy soha ob’ektlarida energiya tejovchi issiqlik nasoslari o‘rnatildi, IT va hunarmandchilik markazlari tashkil etildi. Ushbu maqsadlar uchun jami 1,3 million yevro grant mablag‘lari yo‘naltirilgan.
Yangi kelishuvga muvofiq, 2026-2029-yillarda mazkur ishlar yangi bosqichga olib chiqiladi. Jumladan, master rejalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda sun’iy intellekt va innovatsion tahlil usullaridan foydalanish, mavjud rejalar asosida “yashil” pilot loyihalarni kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, Baxmal, Boysun va So‘x tumanlarida ham master rejalar asosida yangi pilot tashabbuslar amalga oshiriladi. Loyihalar samaradorligini oshirish maqsadida xorijiy va mahalliy ekspertlar jalb etilib, mutaxassislar malakasini oshirishga qaratilgan o‘quv dasturlari, seminar va treninglar tashkil etiladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA