Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Qibray tumanida joylashgan Ichki ishlar vazirligi huzuridagi akademik litseyda “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi raisi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Toshkent viloyati bo‘limi boshlig‘i hamda “Yoshlar kelajak” jamg‘armasi viloyat filiali boshlig‘i ishtirok etdi.

Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar, taklif va muammolar bilan bevosita murojaat qildi. Rahbarlar tomonidan bildirilgan fikr va tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanib, yoshlarning kelajak rejalari hamda tashabbuslari muhokama qilindi.
Mazkur uchrashuv yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning faolligini oshirishda muhimdir.
***
Piskent tumanida pillachilikni rivojlantirishga qaratilgan seminar o‘tkazildi. Unda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, viloyat va tuman hokimligi mutasaddilari, shuningdek, hududlar hokimlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari qatnashdi.

Seminarda pillachilik sohasida Xitoy tajribasini joriy etish, qurt urug‘ini saqlash va tarqatishning zamonaviy usullari, shuningdek, aholi bilan ishlashning samarali mexanizmlari yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.

Shundan so‘ng mas’ullar Piskent tumanining “Mingtepa” mahallasida bo‘lib, hududdagi xonadonlarda yaratilgan sharoitlar, aholining yashash va turmush tarzi bilan yaqindan tanishdi. Mahalla yettiligi a’zolari tomonidan hududda amalga oshirilayotgan ishlar, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash borasida olib borilayotgan loyihalar ijrosi xonadonma-xonadon ko‘rsatib berildi.
***
Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Otabek Sultanbekov hamda Xitoyning Jiangsu provinsiyasi Tashqi ishlar idorasi direktorining o‘rinbosari Jin Shangjun o‘rtasida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot davomida tomonlar hududlarda mavjud sport infratuzilmasini yaxshilash, zamonaviy futbol maydonlarini barpo etish va mavjud o‘yin maydonlarini rekonstruksiya qilish masalalarini muhokama qildi. Bu borada Jiangsu provinsiyasining tajribasini o‘rganish va uni amaliyotga joriy etish yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, uchrashuvda sog‘liqni saqlash yo‘nalishida ham muhim kelishuvlarga erishildi. Xususan, xalq tabobati bo‘yicha Toshkent viloyatidan shifokorlarni Jiangsu provinsiyasida malaka oshirish va o‘qitish masalasi ko‘rib chiqilib, bu borada hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishib olindi.
A.Musayev,O‘zA.