Janubdagi “Media haftalik”da xorijliklar ham qatnashish istagini bildirdi
Termiz tumanidagi “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasida Surxondaryo viloyatidagi ommaviy axborot vositalari xodimlari, bloger va matbuot kotiblari uchun yilning eng yirik va muhim ta’limiy-amaliy loyihasi sifatida talqin etilgan “Media haftalik” bo‘lib o‘tdi.
Kontent markazi, O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi va Surxondaryo viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda besh kun alohida yo‘nalishlarda gazeta, jurnal va internet nashrlari rahbar va xodimlari, telejurnalistlar, operatorlar, mahalliy hokimlik va idoralar, muassasalarning axborot xizmati rahbarlari zamonaviy mediadagi amaliyot, muammo va ularning yechimlari haqida, jurnalistika, raqamli media va axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Dolzarb mavzulardagi seminar-trening saboqlari, interaktiv mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Amaliyotni nazariya bilan birlashtirib, o‘zaro tajriba almashdi. O‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Blogerlar, mobilograflar, SMM mutaxassislari uchun mahorat darslari tashkil etildi.
Haftalikda “O‘zbekiston jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi”ning eng tajribali ekspertlari, Kontent markazi mutaxassislari, poytaxtimizdagi nufuzli ommaviy axborot vositalari xodimlari, blogerlar, “Yosh mobilograflar maktabi” menejerlari, SMM mutaxassislari surxondaryolik media sohasi vakillariga bor bilim va ko‘nikmalarini o‘rgatdi. Strategik va krizis kommunikatsiyalar, axborot olish huquqi va ochiqlik standartlari, faktcheking va feyklarga qarshi kurash, AI orqali kontent yaratish, mediada yangi zamonaviy imkoniyatlardan foydalanish, auditoriyani jalb etish va kengaytirish mexanizmlari, SMM strategiyalari, shaxsiy brend va media pozitsiyaga oid mashg‘ulotlar o‘tkazdi.
– Mashg‘ulotlar juda qiziqarli bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi sharhlovchisi I.Avvalboyev. – Har bir seminar-trening o‘zaro tajriba maydoniga aylandi. Bir-birimizga bilganimizni o‘rgatib, fikr almashdik. Bahs-munozaralarga kirishdik. Gazeta va jurnallarda o‘quvchilarni jalb etadigan sarlavhalar tanlash, ularni ijtimoiy tarmoqlar orqali auditoriya bilan bog‘lab, o‘quvchilari safini oshirish kabi muhim yangi texnologiyalar haqida suhbatlashdik. Eng muhimi vohada bu yangiliklarga qiziquvchilar ko‘pligidan quvondik. Gap endi soha xodimlarining ularni amaliyotda qanday qo‘llay olishida, xolos.
Tajribali ekspert mutaxassislar haftalikda dunyo media trendlarini milliy muhitga moslashtirish, sun’iy intellektdan samarali foydalanish masalalarida tashkil etilgan mahorat darslari kontentlar sifati va sonini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi. Bunga aksariyat yoshlar haftalik kunlari tayyorlagan materiallarni misol sifatida keltirmoqda.
– O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasidagi yirik xalqaro savdo markazida o‘tkazilgan “Media haftalik” qo‘shni davlat soha vakillariga ham manzur bo‘lganini ko‘rdik, – deydi tajribali media-trener B.Alimov. – Ular ijtimoiy tarmoq orqali haftalikni kuzatib, ishtirok etish istagini bildirgani bizga quvonch ulashdi. Demak, dasturlarimizdan o‘rin olgan nazariy bilimlar bilan birga amaliyotga alohida e’tibor qaratilgani Amudaryoning narigi qirg‘og‘idagi media sohasi vakillarida katta qiziqish uyg‘otgan.
“Media haftalik” yakunida o‘tkazilgan media forumda 500 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Tadbir media haftalik yakuniga bag‘ishlangan videorolik namoyishi bilan boshlandi.
Forumda Surxondaryoda media sohasida ham boy tajribaga ega maktab mavjudligi va ayni paytda ham yetuk jurnalistlar Yangi O‘zbekistonda yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlarni voha misolida yoritib borayotgani ta’kidlandi. Haftalik ishtirokchilari axborotni olish, tahlil qilish va tarqatish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlagani qayd etildi.
[gallery-28834]
Forum qatnashchilari Kontent markazi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi, viloyat hokimligi axborot xizmati, AT “Aloqabank”, Yoshlar ishlari agentligi, Surxondaryo viloyati turizm boshqarmasining qiziqarli taqdimotlari bilan tanishdi. Haftalikda eng faol ishtirok etgan qatnashchilarga maxsus sertifikat topshirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
Jonibek Qo‘zimurodov (surat), O‘zA