Toshkent davlat tibbiyot universiteti olimlarining Indoneziyadagi ilmiy-akademik muvaffaqiyati
Mamlakatimizda tibbiyot sohasini yanada rivojlantirish, ta’lim va fan integratsiyasini kuchaytirish hamda xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirishga qaratilgan islohotlar o‘z mevasini bermoqda.
Jumladan, yetakchi oliy ta’lim muassasalarimizning professor-o‘qituvchilari tomonidan xorijiy nufuzli universitetlar va klinikalarda xizmat safarlarini amalga oshirish, xalqaro miqyosda ma’ruzalar qilish an’anaga aylanib bormoqda. Bu kabi tashabbuslar nafaqat milliy tibbiyot maktabimiz salohiyatini namoyon etadi, balki bo‘lajak shifokorlar tayyorlash jarayoniga ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etishda muhim ko‘prik vazifasini o‘taydi.
Toshkent davlat tibbiyot universiteti Yuz-jag‘ jarrohligi va stomatologiya kafedrasi dotsenti, tibbiyot fanlari doktori (DSc) Shohrux Yusupov Indoneziyaning nufuzli Universitas Muhammadiyah Yogyakarta (UMY) universiteti tomonidan maxsus taklif etilib, mazkur davlatda xalqaro mehmon ma’ruzachi sifatida ishtirok etdi.
RS PKU Muhammadiyah Gamping klinikasida tashkil etilgan akademik tadbir ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Unda talabalar, shuningdek, yetakchi mutaxassislar ishtirok etdi. Mazkur muhim ilmiy-amaliy uchrashuv UMYning Tibbiyot va sog‘liqni saqlash fanlari fakulteti, Tibbiyot maktabi hamda Tibbiy kasb dasturining yaqin hamkorligida yuqori saviyada o‘tkazildi.
Mashg‘ulotning asosiy mavzusi dolzarb va murakkab yo‘nalishlardan biri — “Yuz-jag‘ travmalarida klinik qaror qabul qilish: dastlabki baholash, shoshilinch barqarorlashtirish va xavfsiz yo‘llanma” deb nomlandi. Uchrashuv davomida yuz-jag‘ sohasi va orbita jarohatlarining o‘ziga xos anatomik xususiyatlari, bemorni tibbiy jihatdan kompleks baholash, zamonaviy diagnostika usullari, shuningdek, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish jarayonidagi muhim yondashuvlar chuqur muhokama qilindi. Xususan, nazariy bilimlarni real klinik amaliyot bilan uzviy bog‘lash, murakkab jarohatlangan bemorlarda to‘g‘ri va tezkor qaror qabul qilish, shuningdek, bemorni ixtisoslashgan mutaxassisga o‘z vaqtida hamda xavfsiz yo‘naltirish mexanizmlariga alohida urg‘u berildi.
Mazkur xalqaro akademik maydondagi ishtirok O‘zbekiston tibbiyot ta’limi va ilm-fani vakillarining xorijiy ilmiy markazlar bilan aloqalarini yanada kengaytirayotganini ko‘rsatadi. Bu kabi loyihalar ilg‘or klinik tajribalarni o‘zaro almashish, jahon standartlariga mos keladigan zamonaviy tibbiy ta’lim usullarini ommalashtirish hamda milliy kadrlar salohiyatini yanada yuksaltirish yo‘lidagi ulkan qadamdir. Shu bilan birga, bunday xalqaro ma’ruzalar Toshkent davlat tibbiyot universiteti professor-o‘qituvchilarining ilmiy-pedagogik salohiyatini jahon miqyosida yaqqol namoyon etib, oliygohning xalqaro reytinglardagi o‘rnini mustahkamlashga ham xizmat qilmoqda.
Mohigul Qosimova, O‘zA