Milliy tibbiyot markazi transplantolog-jarrohlari Ozarbayjonda
Jarrohlarimizning xorijiy stajirovkasi bemorlarga qanday imkoniyatlar beradi?
Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish, yuqori texnologik va murakkab operatsiyalarni o‘zlashtirish hamda tibbiyot xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan e’tibor o‘z natijalarini bermoqda. Xususan, yetakchi ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarimiz xorijdagi nufuzli ilmiy-klinik muassasalar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatib, mutaxassislarning malakasini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda.
Ana shunday sa’y-harakatlarning davomi sifatida Milliy tibbiyot markazining malakali transplantolog-jarrohlari Ozarbayjon Respublikasining Boku shahridagi mashhur Mustafo Topchubashov nomidagi Ilmiy xirurgiya markazida malaka oshirishni boshladi.
Mazkur amaliy tashrif va stajirovka davomida yuqori texnologik jarrohlik va transplantologiya yo‘nalishlaridagi ilg‘or xalqaro tajribalarni chuqur o‘rganmoqda. Shuningdek, ozarbayjonlik yetakchi hamkasblar bilan bevosita amaliy muloqotda bo‘lib, murakkab operatsiyalarni o‘tkazish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashilmoqda.
Malaka oshirish dasturi doirasida Milliy tibbiyot markazi mutaxassislari Ozarbayjonning taniqli va yetakchi jarrohi, professor Qurbonxon Muslimov bilan uchrashdi. Samimiy va ishbilarmonlik ruhida o‘tgan muloqot chog‘ida transplantologiya hamda zamonaviy xirurgiya sohasidagi yangi yondashuvlar, ilg‘or klinik amaliyotlar hamda ilmiy-amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari yuzasidan batafsil fikr almashildi.
Bu kabi xalqaro hamkorlik va maqsadli stajirovka dasturlari tibbiyot mutaxassislarining kasbiy bilim va ko‘nikmalarini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi. Eng muhimi, xorijda orttirilgan ilg‘or tibbiy tajribalar va zamonaviy usullar tez orada amaliyotga joriy etilib, yurtimizda og‘ir xastalikka chalingan bemorlarga ko‘rsatiladigan yuqori malakali tibbiy yordam sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA