"Toshkent – Bekobod" yo‘nalishida yangi zamonaviy elektropoyezd harakatlanadi
Yo‘lovchilar uchun yanada qulay, xavfsiz va zamonaviy safar imkoniyatlari kengaymoqda. 2026-yil 18-iyuldan boshlab "Toshkent – Bekobod – Toshkent" yo‘nalishida harakatlanuvchi 7050/7049-sonli shaharlararo elektropoyezd yangi zamonaviy tarkib bilan qatnovni boshlaydi.
Yangilangan elektropoyezd yo‘lovchilarga safar davomida yanada yuqori darajadagi qulayliklarni taqdim etadi. Vagonlar konditsioner tizimi, USB-quvvatlantirish portlari, ergonomik va zamonaviy o‘rindiqlar, videokuzatuv hamda audioaxborot tizimi bilan jihozlangan. Shuningdek, imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun maxsus chiqish-tushish moslamalari va alohida o‘rindiqlar ham nazarda tutilgan.
7050-sonli “Toshkent – Bekobod” elektropoyezdi Toshkent Markaziy vokzalidan soat 18:34 da yo‘lga chiqib, Toshkent Janubiy vokzali, Rahimova, O‘zbekiston, Yangiyo‘l, Chinoz, Sirdaryo, Guliston, Yangiyer, Xovos va Farhod bekatlari orqali harakatlanib, Bekobodga soat 21:38 da yetib boradi.
7049-sonli “Bekobod – Toshkent” elektropoyezdi esa Bekoboddan soat 06:00 da jo‘nab, shu yo‘nalish bo‘yicha harakatlanib, Toshkent Markaziy vokzaliga soat 09:16 da yetib keladi.
Elektropoyezdda safar qilish narxi hamyonbop bo‘lib qolmoqda:
kattalar uchun — 15 000 so‘m;
bolalar uchun — 9 000 so‘m.
Chiptalarni temir yo‘l kassalari orqali yoki elektron tarzda xarid qilish mumkin.
Yangi elektropoyezdning yo‘lga qo‘yilishi aholiga zamonaviy, xavfsiz va qulay jamoat transporti xizmatini ko‘rsatish, shuningdek, Toshkent va Sirdaryo viloyati orqali Bekobod yo‘nalishida qatnov qiluvchi yo‘lovchilar uchun safar sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA