Ekologik hamkorlik: cho‘llanishga qarshi kurashda yangi mintaqaviy laboratoriya taklifi
Cho‘llanish va iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashda xalqaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlari belgilandi. O‘zbekiston qurg‘oqchil hududlar uchun muhim takliflar bilan chiqdi.
Unda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi O‘rmon agentligi direktori Erkin Muhiddinov, “Bir makon, bir yo‘l” mintaqasi milliy va xalqaro ilmiy tashkilotlar alyansi (ANSO) ijrochi direktori professor Liu Vidong, direktor o‘rinbosari doktor Chjitszyun Yi, Mo‘g‘uliston Fanlar akademiyasi (MAS) prezidenti Asad Demberel Sodnomsambu hamda Shinjon ekologiya va geografiya instituti mas’ullari ishtirok etdi.

Tadbirda Erkin Muhiddinov nutq so‘zlab, mamlakatimizda davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan ekologik barqarorlikni ta’minlash, iqlim o‘zgarishlarining salbiy ta’sirlarini kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida ma’lumot berdi va muammolarni tizimli hal etishga qaratilgan bir qator takliflarni ilgari surdi.

– O‘tgan 2025-yil noyabr oyida Toshkent shahrida O‘zbekiston – Xitoy Markaziy Osiyo ekologiya va atrof-muhit bo‘yicha tadqiqot markazi faoliyatini boshladi. Ushbu markaz qurg‘oqchil hududlar ekologiyasini barqarorlashtirishda muhim platforma vazifasini bajarmoqda. Biz keyingi qadam sifatida alohida tadqiqot loyihalaridan aniq amaliy natijalarga ega bo‘lgan qo‘shma mintaqaviy texnologik dasturlarga o‘tishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz, – dedi E. Muhiddinov. – Shu maqsadda, Markaziy Osiyo – Shimoliy-sharqiy Osiyo qurg‘oqchil hududlari texnologiyalari va loyihalari laboratoriyasini tashkil etishni taklif qilamiz. Ushbu laboratoriyaning mintaqaviy habi sifatida Yashil Universitet huzuridagi Cho‘llanishga qarshi kurashish va cho‘l iqtisodiyoti bo‘yicha mintaqaviy ilmiy-tadqiqot instituti xizmat qilishi mumkin.

Tadbir davomida hamkorlikda cho‘llanishga qarshi samarali kurashish, sohaga ilg‘or innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, yaylovlarni barqaror tiklash hamda tabiiy resurslardan to‘g‘ri foydalanish kabi dolzarb masalalar muhokama etilib, bu boradagi takliflar tinglandi.
Yakunda kelgusidagi aniq maqsad va vazifalar belgilab olindi.
Sanjar Toshpo‘latov, O‘zA