To‘rt egizakli xodimga uy sovg‘a qilindi
Bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar har bir soha qatori ichki ishlar organlari tizimida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Ayniqsa, xodimlarning turmush sharoitini yaxshilash, ularni uy-joy bilan ta’minlash hamda ijtimoiy rag‘batlantirish, farzandlarining sifatli ta’lim va tibbiy xizmatlardan foydalanish tizimi mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi.


Ana shunday cheksiz g‘amxo‘rlik va yuksak e’tiborning navbatdagi hayotiy tasdig‘i Toshkent viloyat ichki ishlar bosh boshqarmasida xizmat qilayotgan xodimning xonadoniga quvonch va baxt bo‘lib kirdi.

Toshkent viloyat ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi Yo‘l-patrul xizmati bataloni videokuzatuv guruhi kichik inspektor-operatori safdor Odiljon Abdullayevning xonadonida unutilmas, tarixiy voqea yuz berdi — qahramonimiz bir yo‘la 4 nafar egizak farzandning otasiga aylandi. Bu nafaqat bir oilaning, balki butun tizimning quvonchiga sabab bo‘ldi.

Farzandlar dunyoga kelishi munosabati bilan, baxtiyor oilaga Ichki ishlar vazirligi tomonidan yangi, zamonaviy 3 xonali xonadon sovg‘a qilindi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda tizimda faoliyat yuritayotgan mas’ullar, viloyat faollari, faxriylar qatnashdi. Barcha bu yosh oilaga yaxshi tilaklar bildirdi.
Ta’kidlash lozimki, tizimda yaratilgan sharoitlar tufayli xodimga ko‘rsatilgan bunday e’tibor va kutilmagan tuhfa yurt osoyishtaligi yo‘lida tunu kun xizmat qilayotgan har bir xodimning ko‘nglida davlatga, Vatanga va kasbiga bo‘lgan sadoqatini yanada mustahkamlaydi.
A. Musayev, O‘zA