Tojikiston Xalq demokratik partiyasi bilan memorandum imzolandi
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining Ijroiya qo‘mitasida Tojikiston Xalq demokratik partiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Maliksho Ne’matzoda boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, tarixiy yaqinlik hamda mushtarak madaniy-ma’naviy qadriyatlar ikki xalqni bir-biriga chambarchas bog‘lab turishi alohida ta’kidlandi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda ikki davlat rahbari — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning qat’iy siyosiy irodasi, o‘zaro ishonch va ochiq muloqoti tufayli mamlakatlarimiz munosabatlari yangi — strategik ahamiyatga ega bosqichga ko‘tarildi.
2024-yilda Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning imzolangani hamda joriy yil mart oyida davlat rahbarlarining strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish borasidagi kelishuvlari o‘zaro aloqalarni yanada faollashtirdi. Muloqotda partiyalararo hamkorlik ushbu yaqinlashuvning muhim va amaliy yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tirof etildi.

Muhokamalar yakunida O‘zLiDeP va TXDP o‘rtasida hamkorlik Memorandumi imzolandi. Qayd etilganidek, mazkur hujjat ikki partiya o‘rtasidagi aloqalarni tizimli yo‘lga qo‘yish va ularga aniq amaliy mazmun bag‘ishlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Memorandum doirasida partiyalar o‘rtasida doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, qonun ijodkorligi va partiyaviy faoliyat bo‘yicha tajriba almashish, deputatlar hamda mahalliy vakillik organlari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish kabi yo‘nalishlarga ustuvor ahamiyat qaratiladi. Shuningdek, tadbirkorlik va xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, innovatsiyalarni joriy etish, yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, tomonlar qo‘shma ishchi guruhlar tuzish, forumlar, uchrashuvlar va maslahatlashuvlar o‘tkazish, ilg‘or tajriba almashish hamda aniq dastur va loyihalarni ishlab chiqishga kelishib oldi.
Muhtarama Komilova,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA