Tinchlik, mehr, saxovat va yaxshilikni ulug‘lagan ta’limot
Buxoroda buyuk ma’naviy meros — Naqshbandiya ta’limotining tinchlik, bag‘rikenglik va o‘zaro anglashuv g‘oyalarini targ‘ib etishga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy muloqot bo‘lib o‘tdi.
Inson sivilizatsiyasi taraqqiyotiga nazar tashlasak, xalqlarni asrlar osha birlashtirib kelayotgan eng buyuk qadriyatlar — tinchlik, ezgulik, bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat ekanini anglaymiz. Dunyoda turli qarashlar, madaniyatlar va e’tiqodlar mavjud bir sharoitda insonlarni bir-biriga yaqinlashtirish, o‘zaro ishonch va hamjihatlikni mustahkamlash har qachongidan ham muhim. Ana shunday ezgu maqsadlar Buxoro davlat texnika universitetida o‘tkazilgan “Naqshbandiylik an’anasi: Islomda tinchlik, bag‘rikenglik va o‘zaro anglashuvni rivojlantirishdagi o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiyada yana bir bor yaqqol namoyon bo‘ldi. Zero, Buxoro — nafaqat tarix va me’morchilik, balki butun insoniyat ma’naviy tafakkuri taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan allomalar yurti. Bu zaminda shakllangan ma’naviy meros bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Aksincha, dunyoda tinchlik va totuvlikka ehtiyoj tobora ortib borayotgan bugungi murakkab davrda uni chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.


Xalqaro anjuman Qur’oni karim tilovati hamda yurtimiz va butun dunyoda tinchlik-osoyishtalik hukm surishi, insonlar o‘rtasida mehr-oqibat va hamjihatlik barqaror bo‘lishi uchun qilingan ezgu duolar bilan boshlandi.
Bu manzaraning o‘ziyoq anjuman mohiyatini ifoda etdi. Zero, Naqshbandiya ta’limotining negizida inson qalbini poklash, ezgulikka intilish, halol mehnat qilish, jamiyatga naf keltirish, odamlar o‘rtasida mehr-oqibat va hurmatni qaror toptirish kabi yuksak ma’naviy g‘oyalar mujassam.
Tadbirda O‘zbekiston bilan bir qatorda Malayziya, Zambiya, Misr, AQSH, Indoneziya, Pokiston kabi mamlakatlardan tashrif buyurgan taniqli olimlar, islomshunos va tadqiqotchilar ishtirok etishdi.
Anjumanning ochilish qismida Bahovuddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi direktori Azizxo‘ja Inoyatov, malayziyalik islomshunos olim Shayx Abdul Karim bin Said Xadaid hamda Buxoro davlat texnika universiteti rektori Sadoqat Siddiqova so‘zga chiqib, konferensiyaning ilmiy va ma’naviy ahamiyati xususida fikr bildirishdi. Shuningdek, konferensiyada Naqshbandiya ta’limotining islom ma’naviyatidagi o‘rni, uning tinchlik va bag‘rikenglikni qaror toptirishdagi ahamiyati, yosh avlod tarbiyasidagi ma’naviy-axloqiy qirralari, jamiyatda o‘zaro anglashuv va hamjihatlikni mustahkamlash imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi.


Ayni jihat e’tiborga molik: Naqshbandiya an’anasi faqat tarixiy meros sifatida emas, balki bugungi inson va jamiyat uchun ham muhim ma’naviy saboqlarni mujassam etgan ta’limot sifatida namoyon bo‘ldi.yo
“Dil ba yor, dast ba kor” — ya’ni qalb Allohda, qo‘l mehnatda, degan tamoyil insonni dunyodan uzilishga emas, balki jamiyat hayotida faol ishtirok etishga, halol mehnat qilishga, o‘z vazifasini sidqidildan bajarishga undaydi. Bu g‘oya bugungi kunda ham mehnatsevarlik, mas’uliyat, halollik va jamiyat oldidagi burch kabi qadriyatlar bilan uyg‘unlashadi.
Shu bois Naqshbandiya ta’limotini o‘rganish — faqat o‘tmishni anglash emas. Bu, avvalo, bugungi avlodning ma’naviy immunitetini mustahkamlash, yoshlarni turli yot g‘oyalardan asrash, bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat muhitini kuchaytirishga xizmat qiladigan muhim ma’rifiy yo‘nalishdir.
O‘zbekistonda keyingi yillarda buyuk ajdodlarimiz qoldirgan ilmiy-ma’naviy merosni chuqur o‘rganish, uni xalqaro miqyosda targ‘ib qilish va yosh avlod ongiga yetkazishga alohida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas.
Davlat rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda islom sivilizatsiyasi, buyuk allomalarimiz ilmiy va ma’naviy merosini o‘rganish, ularning insoniyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini jahon jamoatchiligiga keng yetkazish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Samarqand, Buxoro, Toshkent, Xiva kabi qadimiy shaharlarimizdagi ilmiy-ma’rifiy markazlar faoliyatining kuchaytirilayotgani ham ana shu ezgu maqsadning amaliy ifodasidir.
Ayniqsa, Buxoroning Naqshbandiya ta’limoti bilan bog‘liq boy merosini xalqaro ilmiy maydonga olib chiqish bugungi O‘zbekistonning ma’rifiy va madaniy diplomatiyasida ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bugun dunyo olimlarining Buxoroda bir davra atrofida jam bo‘lishi ham ana shu sa’y-harakatlarning mantiqiy davomidir.


Xalqaro konferensiyada bildirilgan fikrlar, ilmiy ma’ruzalar va mulohazalar turli mamlakatlar va ilmiy maktablar o‘rtasida tajriba almashish uchun muhim maydon yaratdi.
Malayziyadan kelgan olim bilan O‘zbekistonlik tadqiqotchi, Misr yoki Pokiston vakili bilan Indoneziyalik mutaxassisning bir mavzu atrofida fikr almashishi — ilm-fan chegara bilmasligining yana bir isboti bo‘ldi. Zero, ilm odamlarni ajratish uchun emas, birlashtirish uchun xizmat qiladi.
Naqshbandiya ta’limotining ham mohiyatida insonni insonga yaqinlashtirish, qalblarni ezgulikka chorlash, adovat o‘rniga mehrni, befarqlik o‘rniga hamjihatlikni qaror toptirish g‘oyasi mujassam. Shu ma’noda, Buxorodagi mazkur anjumanni oddiy ilmiy tadbir doirasiga sig‘dirib bo‘lmaydi. U turli madaniyat va ilmiy maktablar vakillarini birlashtirgan, ma’naviy merosni bugungi kun ehtiyojlari bilan bog‘lagan o‘ziga xos xalqaro muloqot maydoni bo‘ldi.
Bugun dunyoda tinchlik va barqarorlikning qadri tobora ortib borayotgan bir paytda Buxoroda yangragan Naqshbandiya ta’limotiga oid fikrlar yanada chuqur ma’no kasb etadi.


Zero, tarix bizga bir haqiqatni qayta-qayta eslatadi: taraqqiyot faqat iqtisodiy boylik yoki zamonaviy texnologiyalar bilan emas, avvalo, insonning ma’naviy kamoloti bilan o‘lchanadi. Inson qalbida ezgulik ustuvor bo‘lsa, oilada mehr, mahallada totuvlik, jamiyatda barqarorlik qaror topadi. Jamiyatda o‘zaro hurmat va anglashuv bo‘lsa, taraqqiyot uchun mustahkam zamin yaratiladi. Shu ma’noda, Naqshbandiya merosi bizga asrlar qa’ridan turib bugun ham murojaat qilayotgandek: qalbni pokla, mehnat qil, insonga yaxshilik qil, tinchlikni asra.
Buxoroda o‘tkazilgan xalqaro ilmiy konferensiyaning eng katta ahamiyati ham shunda — u buyuk ajdodlarimizning ma’naviy merosini muzeylarda qolib ketadigan tarix emas, balki bugungi va ertangi avlod uchun hayotiy ahamiyatga ega ma’naviy xazina sifatida namoyon etdi. Balki shuning uchun ham bu anjuman zallarida aytilgan har bir fikr, yangragan har bir mulohaza va bildirilgan har bir ezgu tilakning mohiyati bir nuqtada tutashdi: tinchlikni asrash — inson qalbidan boshlanadi. Va bu haqiqatni Buxorodek muqaddas zaminda yana bir bor dunyoga eslatishning o‘zi katta ma’naviy ahamiyatga ega.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri