Tibbiyot xabarlari
Tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga uy-joy sotib olish uchun subsidiya ajratish bo‘yicha ilk tanlovda jami 4 728 ta arizadan talablarga mos deb topilgan 1667 tasi ishtirok etdi. Elektron tizim ular orasidan tasodifiy tanlash orqali ochiq, shaffof va adolatli tarzda 125 nafar g‘olibni aniqladi. Jarayon vazirlikning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida jonli efirda namoyish etildi.
***
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Italiyaning "Tecniplast" kompaniyasi vakili Edoardo Bernardini bilan uchrashdi.
"Tecniplast" vivariylar uchun uskunalar va laboratoriya hayvonlarini saqlashga mo‘ljallangan zamonaviy tizimlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan xalqaro kompaniya hisoblanadi.
Uchrashuvda kompaniyaning xalqaro tajribasini "BioPharma City" farmatsevtika klasteri hududidagi vivariyni rivojlantirishda qo‘llash, uni zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlash va infratuzilmasini takomillashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, ilmiy-tadqiqot ishlari va klinikagacha bo‘lgan sinovlarni xalqaro talablar asosida o‘tkazish uchun zarur sharoitlarni yaratish, zamonaviy uskunalar va texnologik yechimlarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
"Tecniplast" kabi ixtisoslashgan xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik "BioPharma City" farmatsevtika klasteri ilmiy-tadqiqot infratuzilmasini rivojlantirish, farmatsevtika sohasining ilmiy va texnologik salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.
***
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi huzuridagi «Zarur amaliyotlar markazi» DM direktori ishtirokida «Yangi O‘zbekiston» universiteti Kimyo va kimyo muhandisligi fakulteti talabalari bilan «Karera kuni» doirasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida talabalarga GMP inspeksiyalari va boshqa GxP yo‘nalishlari, farmatsevtika korxonalarini baholash, dori vositalari sifati va xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, xalqaro hamkorlik bo‘yicha ma’lumot berildi.
Muloqotda zamonaviy inspeksiya tizimini rivojlantirish uchun malakali va bilimli mutaxassislarga ehtiyoj yuqori ekani ta’kidlandi. Shu nuqtai nazardan, yoshlarni mazkur yo‘nalishlarga jalb etish, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish kelajakda soha uchun salohiyatli kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuv talabalarga farmatsevtika sohasidagi kasbiy yo‘nalishlar va ish imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish, kelgusi faoliyati uchun zarur ko‘nikmalarni aniqlash hamda mutaxassislar bilan fikr almashish imkonini berdi.
***
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi davlat markazida tibbiy buyumlar sifat menejmenti tizimini takomillashtirish hamda xalqaro standartlarni milliy amaliyotga joriy etish masalalariga bag‘ishlangan seminar va muhokama tashkil etildi.
Tadbir doirasida Sifat menejmenti tizimlarini sertifikatlashtirish organi yetakchi mutaxassisi Dildora Usmonova tomonidan «O‘zMST ISO 13485 standartini mamlakatda tatbiq etish va u bilan bog‘liq muammolarni hal qilish» mavzusida taqdimot o‘tkazildi.
Taqdimot davomida standart talablarini amaliyotga joriy etish, tibbiy buyumlar sifat menejmenti tizimini takomillashtirish hamda ushbu jarayonda yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlash va bartaraf etish masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, standartni tatbiq etish jarayonida uchrayotgan muammolarni hal qilish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni belgilash yuzasidan fikr almashildi.
Ma’lumot uchun, O‘zMST ISO 13485 standarti tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish va yetkazib berish jarayonlarida sifat menejmenti tizimiga qo‘yiladigan talablarni belgilaydi. Uning amaliyotga samarali joriy etilishi tibbiy buyumlar sifati va xavfsizligini ta’minlash, ishlab chiqarish jarayonlarini xalqaro talablar asosida takomillashtirish hamda milliy tizimning xalqaro standartlarga muvofiqligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi
***
Joriy yilning 27–28-oktabr kunlari poytaxtimizdagi «Anhor Park» majmuasida farmatsevtika ishlab chiqarishi uchun yangi yechimlarga bag‘ishlangan «CaPhEx-2026» xalqaro ko‘rgazmasi tashkil etiladi.
Mazkur nufuzli tadbir farmatsevtika sohasidagi ilg‘or texnologiyalar, innovatsion uskunalar va keng ko‘lamli xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini bir maydonda birlashtiradi.
Ko‘rgazma doirasida farmatsevtika injiniringi, toza xonalar (Cleanroom), zamonaviy ishlab chiqarish va qadoqlash uskunalari, mahsulot sifatini nazorat qilish, shuningdek, ishlab chiqarish korxonalarini boshqarish (Plant Management) kabi muhim yo‘nalishlar qamrab olinadi. Unda mahalliy mutaxassislar qatori yetakchi xorijiy kompaniyalar va xalqaro ekspertlar bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatish hamda tajriba almashish uchun qulay sharoitlar yaratiladi.
***
Milliy tibbiyot markazida tibbiy xizmat sifatini oshirish, bemorlar va xodimlar xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, xalqaro JCI standartlari talablariga muvofiq xavfsiz muhitni shakllantirish maqsadida texnik xodimlar uchun o‘quv-tushuntirish mashg‘uloti tashkil etildi.
Mashg‘ulot davomida xodimlarga JCI standartlari doirasida xavfsizlik talablariga rioya qilish, ish joyida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarning oldini olish, favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanish hamda belgilangan tartib-qoidalarga amal qilish bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, yong‘in xavfsizligi bo‘yicha mutaxassis ishtirokida yong‘inning oldini olish choralari, elektr jihozlaridan xavfsiz foydalanish, yong‘in o‘chirish vositalarini qo‘llash va favqulodda vaziyatlarda evakuatsiya qoidalari yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
***
Har yili oktabr oyida keng nishonlanadigan «Pushti oktabr» ko‘krak bezi saratoniga qarshi kurashish oyligi doirasida Ichki ishlar vazirligi Markaziy gospitali tomonidan xotin-qizlar salomatligini muhofaza qilish, onkologik kasalliklarning oldini olish va ularni erta aniqlashga qaratilgan manzilli tibbiy ko‘riklar tashkil etilmoqda.
Mazkur tadbirlar rejasiga ko‘ra, joriy yilning 8-oktabr kuni Munojat Murodova tomonidan IIV Markaziy gospitalida faoliyat yuritayotgan ayollar ko‘zdan kechirilgan bo‘lsa, 15-oktabr kuni Aziza Tasheva IIV Markaziy poliklinikasida, 22-oktabr kuni Munojat Murodova IIV Markaziy apparatida, 29-oktabr kuni esa Aziza Tasheva Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tizimidagi xotin-qizlar uchun maxsus konsultatsiyalar o‘tkazadi.
Ushbu tibbiy muloqotlar davomida mutaxassislar ayollar salomatligini asrash, xavfli omillarning oldini olish, kasalliklarni erta bosqichda aniqlash hamda zarur hollarda chuqurlashtirilgan tekshiruvlardan o‘tish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berayotir.
***
Mamlakatimizda soha mutaxassislarining bilim va malakasini oshirish, tibbiyotda zamonaviy diagnostika usullarini keng joriy etishga qaratilgan ilmiy-amaliy tadbirlar izchil davom etmoqda. Navbatdagi shunday tadbirlardan biri soha xodimlari va yodgor tadqiqotchilarga bag‘ishlangan maxsus ma’ruzadir.
Unda tibbiyot jamoatchiligi, jumladan, barcha patomorfologlar, torakal onkologlar, ximioterapevtlar, klinik ordinatorlar, magistratura talabalari hamda ushbu mavzuga qiziquvchi barcha mutaxassislar «O‘pka neyroendokrin o‘smalari: morfologik tashxis va immunogistokimyoviy tekshiruv» mavzusidagi ilmiy-ma’rifiy ma’ruzaga taklif etiladi.
Ma’ruza davomida o‘pka neyroendokrin o‘smalarining Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining zamonaviy tasnifi, asosiy morfologik mezonlari, immunogistokimyoviy markerlari, differensial tashxisi hamda ularning klinik ahamiyati batafsil yoritiladi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi — o‘pka neyroendokrin o‘smalarini tashxislash jarayonida ilg‘or yondashuvlarni muhokama qilish, shifokor va mutaxassislar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashinuvini rivojlantirish hamda diagnostika sifatini yanada oshirishdan iborat.
Mohigul Qosimova, O‘zA