Tibbiyot maskani foydalanishga topshirildi
Guliston shahridagi Ibratli mahallasida joylashgan shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli 2-sonli oilaviy poliklinika filiali — “Bahor-2” mukammal ta’mirdan chiqarilib, foydalanishga topshirildi. Yangi qiyofaga ega bo‘lgan muassasa 4200 dan ziyod aholiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lib, kuniga 50 nafargacha bemorni qabul qila oladi. Muassasada 2 nafar shifokor va 8 nafar o‘rta tibbiyot xodimi faoliyat yuritmoqda.
Mazkur tibbiyot maskanida zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Kunduzgi davolanish bo‘limi uchun 4 o‘rinli palata, “Yosh onalar maktabi”, fitobar, muolaja xonasi va ro‘yxatxona tashkil etilgan. Shuningdek, bino energiya tejamkor tizim asosida modernizatsiya qilinib, quyosh batareyalari va geotermal (geokollektor) uskunalari o‘rnatilgan.
Fuqarolar uchun yanada qulaylik yaratish maqsadida nogironligi bo‘lgan shaxslar, jumladan ko‘zi ojiz va harakatlanishi cheklangan fuqarolar uchun maxsus panduslar, yo‘laklar va dam olish o‘rindiqlari barpo etildi.
Loyiha doirasida jami 570 million so‘m mablag‘ sarflandi. Muassasa olti oy davomida mukammal ta’mirdan chiqarilib, to‘liq yangilangan holda foydalanishga topshirildi.
[gallery-30205]
Tantanali ochilish marosimida Guliston shahar hokimligi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Guliston shahar tibbiyot birlashmasi vakillari, mehnat faxriylari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
– Prezidentimiz tomonidan sog‘liqni saqlash tizimiga qaratilayotgan yuksak e’tibor va ko‘rsatilayotgan amaliy yordam natijasida mazkur muassasamiz qayta modernizatsiya qilindi. Bugun bu yerda aholiga sifatli va malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Eng muhimi, ushbu ishlar sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy samarasidir, – deydi Guliston shahar tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Murod Ko‘paysinov.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov(surat) O‘zA