Tibbiy xizmat narxi asossiz qimmat bo‘lishi kerak emas!
Issiq jon isitmasiz bo‘lmaydi, deganlaridek ba’zida o‘zimiz, ba’zan esa oila a’zolarimiz salomatligi sabab shifoxonalarga murojaat qilib turamiz.
Bizga tibbiy xizmat uchun muayyan miqdorda to‘lov qilishimiz kerakligi aytiladi. Hech ikkilanib o‘tirmay belgilangan mablag‘ni shususiy shifoxona hisobraqamiga to‘laymiz. Ammo hisoblangan narx qonunchilik talablariga muvofiq bo‘lmasa yoki xizmat uchun belgilangan tarifdan ortiqcha haq undirilgan bo‘lsa-chi?
Aynan shunday holatlarning oldini olish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va pullik tibbiy xizmatlar narxlarining to‘g‘ri shakllantirilishini ta’minlash maqsadida Raqobat qo‘mitasining hududiy boshqarmalari tomonidan o‘rganishlar olib borilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 7 ta tibbiyot muassasasida 2023–2026-yillardagi pullik tibbiy xizmatlar narxlari tahlil qilindi. Ayrim muassasalarda foyda solig‘i xizmatlar tannarxiga asossiz kiritilgani va xizmatlar narxi belgilangan tariflardan oshirilgani aniqlandi. Natijada iste’molchilardan 331,7 million so‘m asossiz daromad olingan. 6 ta muassasaga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, mablag‘larni iste’molchilarga qaytarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Ko‘rilgan choralar natijasida ayrim tibbiy xizmatlar tariflari o‘rtacha 16,22 foizga pasaytirildi.
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Samarqand filialida o‘tkazilgan o‘rganishda qonunchilik talablari buzilgani va iste’molchilarga 302,2 million so‘m ortiqcha mablag‘ hisoblangani aniqlandi. Filialga qonunbuzilishlarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA