Bolalikni himoya qilish kelajakni himoya qilish
Yangi qonun bolalarni zo‘ravonlikdan asrash, ularning huquqlarini kafolatlash va bolaga ozor yetkazganlar javobgarligini kuchaytirish yo‘lida muhim qadamdir.
Bolalik inson umrining eng beg‘ubor, eng nozik davri. Bu davrda bolaga mehr berish, uni asrash va to‘g‘ri tarbiyalash nafaqat ota-onaning, balki butun jamiyatning burchidir. Zero, bolani himoya qilish ertangi kunimizni, millatimizning ma’naviy qiyofasini va kelajagimizni himoya qilish demakdir.
2026-yil 14-oktabrda qabul qilingan «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun ana shu ezgu maqsadga xizmat qiladi.
Qonunning eng muhim jihati bola huquqlarini qog‘ozda emas, amalda himoya qilishga qaratilganidir.
Unga ko‘ra, bolalarga nisbatan jismoniy, ruhiy va jinsiy zo‘ravonlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Ayniqsa, bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan sodir etilgan jinoyatlar uchun jazo tayinlashda qat’iyroq yondashuv belgilanmoqda. Bolani tarbiyalash va unga ta’lim berish mas’uliyatini zimmasiga olgan xodimning zo‘ravonlik sodir etgani uchun javobgarlikka tortilishi esa ta’lim muassasalaridagi xavfsizlik va mas’uliyatni oshirishga xizmat qiladi.
Yana bir muhim yangilik zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish imkoniyatining belgilanishidir. Bu bolaning yolg‘iz emasligini, uning ovozi eshitilishi va huquqlari himoya qilinishi kerakligini anglatadi. Shuningdek, bolaga yaqin qarindoshlari tomonidan zo‘ravonlik sodir etilgan hollarda vasiylik va homiylik organlari vakillarining ishtirokini ta’minlash hamda so‘roq qilish jarayonida qo‘shimcha kafolatlar yaratish nazarda tutilmoqda.
Qonun ota-onalarning mas’uliyatini ham kuchaytiradi. Bolaning asosiy ehtiyojlarini qasddan qondirmaslik, uning sog‘lig‘i va rivojlanishiga beparvo qarash ham javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin. Demak, bolani dunyoga keltirishning o‘zi kifoya emas uni asrash, tarbiyalash, ta’lim berishi va munosib sharoit yaratish ham ota-onalik burchidir.
Shu bilan birga, bolalar uchun zararli axborot tarqatganlik, bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar qarorlarini bajarmaganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda. Bu esa bola xavfsizligi faqat oila yoki maktab doirasida emas, balki axborot muhiti va jamoatchilik hayotida ham ta’minlanishi zarurligini ko‘rsatadi.
Qonunning ma’naviy ahamiyati shundaki, u jamiyatni befarqlikdan mas’uliyatga, sukutdan himoyaga, jazolash bilangina cheklanishdan esa zo‘ravonlikning oldini olishga chorlaydi.
Albatta, eng yaxshi himoya zo‘ravonlik sodir etilganidan keyin chora ko‘rish emas, uning oldini olishdir. Buning uchun oilada mehr va ishonch muhitini yaratish, maktabda bolaning sha’nini hurmat qilish, har bir murojaatga befarq bo‘lmaslik va bolaga nisbatan zo‘ravonlikni «tarbiya usuli» deb oqlamaslik lozim.
Zero, bola qo‘rquv bilan emas, mehr bilan ulg‘ayishi kerak. Uning ko‘z yoshiga befarq qaralgan joyda adolat zaiflashadi, huquqlari himoyalangan joyda esa ishonch va ezgulik mustahkamlanadi.
Yangi qonunning haqiqiy samarasi uning moddalaridagina emas, balki har bir oila, har bir ta’lim muassasasi va har bir fuqaroning munosabatida namoyon bo‘ladi.
Bolani asrash qonun talabi, vijdon amri va insoniylik mezonidir. Har bir bola xavfsiz yashashga, mehr ko‘rishga va baxtli kelajakka haqli!
Bahora AHMEDOVA,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat
markazi rahbar maslahatchisi