Tibbiy - skrining tadbiri tashkil etildi
Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida aholi o‘rtasida sil kasalligini erta aniqlash va uning tarqalishining oldini olishga qaratilgan tibbiy-skrining tadbiri o‘tkazildi. Unda 162 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, rentgen va maxsus laboratoriya tahlillari amalga oshirildi.
Tadbir “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi patronaj brigadasi tashabbusi bilan viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi, tuman tibbiyot birlashmasi hamda viloyat ftiziatriya va pulmonologiya markazi hamkorligida tashkil etildi.

Skrining jarayonlari Sardoba tumanidagi 20-oilaviy poliklinika hududida joylashgan Yurtdosh, Do‘stlik va Qo‘rg‘ontepa mahallalari aholisini qamrab oldi. Tekshiruvlar davomida 136 nafar fuqaro rentgen tekshiruvidan o‘tkazildi. Shuningdek, 31 nafar aholidan kvantiferon tahlili uchun, 67 nafaridan esa diaskintest uchun qon namunalari olindi.

Tadbir doirasida aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ishlariga ham e’tibor qaratildi. “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan 180 quti dori-darmon, 100 dona ko‘zoynak hamda sil kasalligi profilaktikasiga oid 150 dona axborot-targ‘ibot materiallari tarqatildi.
– Bu loyiha aholiga tibbiy xizmatlarni yaqinlashtirish, sil kasalligini erta bosqichda aniqlash va skrining qamrovini kengaytirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, fuqarolarning tibbiy madaniyati va o‘z salomatligiga mas’uliyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Sirdaryo filiali rahbari, pediatr Yulduz Usmonova.

Mazkur loyiha sil kasalligiga qarshi kurash bo‘yicha global sa’y-harakatlarni muvofiqlashtiruvchi xalqaro tashkilotlarning “Institutsional va jamiyat darajasida hayotiy zarur tibbiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini mustahkamlash” dasturi doirasida amalga oshirildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri