Yangi investitsiya imkoniyatlari muhokama qilindi
Xovos tuman hokimligi axborotiga ko‘ra, Xitoy Xalq Respublikasining Veyfan shahrida bo‘lib turgan Xovos tumani hokimi Qomus Yo‘ldoshev tumanga yangi investitsiya loyihalarini jalb etish hamda sanoat salohiyatini yanada rivojlantirish maqsadida qator uchrashuv va muzokaralarni o‘tkazmoqda. Bu haqda Xovos tuman hokimligi xabar berdi.
Navbatdagi muloqotlar davomida tuman rahbari qurilish materiallari va sanoat uskunalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Shandong Mine Machinery Construction Material Co., Ltd” hamda “Weifang Jingtai New Building Materials Co., Ltd” kompaniyalari vakillari bilan uchrashdi.

Uchrashuvlarda Xovos tumanining investitsiyaviy salohiyati, mavjud infratuzilma, tadbirkorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar hamda davlat tomonidan taqdim etilayotgan imtiyoz va kafolatlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shu bilan birga, tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va sanoat sohasida yangi loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Tashrif davomida Qomus Yuldashev “Shandong Mine Machinery Construction Material Co., Ltd” kompaniyasi faoliyati bilan yaqindan tanishib, elektr transformatorlari ishlab chiqarish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan loyihalarni ko‘zdan kechirdi. Shu asosda mazkur yo‘nalishda Xovos tumanida istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.


Muloqot yakunida kompaniya vakillari yaqin kunlarda Xovos tumaniga tashrif buyurishib, hududning investitsiyaviy imkoniyatlari bilan bevosita tanishish hamda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri