O‘zbek-turk tibbiyot tarixi: Istanbulda qo‘shma forum o‘tkaziladi
Mamlakatimizda buyuk allomalarning ilmiy merosini chuqur o‘rganish, xalqaro ilmiy-ma’rifiy aloqalarni kengaytirish hamda tibbiyot tarixi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash borasida qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
Toshkent shahrida Ibn Sino jamoat fondi boshqaruvi raisi Nozimxon Mahmudov Turkiyaning Baxcheshexir universiteti tibbiyot tarixi va etikasi kafedrasi mudiri, professor Kodirjon Keskinbora bilan uchrashdi.
Muloqot davomida Ibn Sino fondi va nufuzli turk universiteti o‘rtasida 2013-yildan buyon yo‘lga qo‘yilgan samarali ilmiy hamkorlik natijalari tahlil qilinib, kelgusi istiqboldagi rejalar har tomonlama muhokama qilindi.
Xususan, 2027-yilda Fond tomonidan yurtimizda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan yirik xalqaro ilmiy anjumanlar – Toshkent shahrida o‘tkaziladigan X Xalqaro farmatsevtika konferensiyasi hamda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan VI Xalqaro xalq tabobati konferensiyasida Baxcheshexir universiteti rahbariyati va yetakchi olimlarining ishtiroki yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, uchrashuvda Ibn Sino fondi tomonidan 2027-yilda Istanbul shahrida Abu Ali ibn Sinoning boy ilmiy merosiga bag‘ishlangan maxsus O‘zbek-Turk ilmiy forumini mazkur universitet bazasida tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. Bunday tadbirlar ikki qardosh mamlakat ilmiy doiralari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Tadbir yakunida turkiyalik taniqli sinoshunos olim professor Kodirjon Keskinboraning tibbiyot tarixi va ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shgan munosib hissasi yuksak baholanib, unga Ibn Sino jamoat fondining nufuzli mukofoti, maxsus sertifikat va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
– Ibn Sino va uning jahon tibbiyoti taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi cheksizdir. Biz 2013-yildan buyon Ibn Sino jamoat fondi bilan birgalikda ko‘plab loyihalarni amalga oshirib kelayotganimizdan faxrlanamiz. Bugungi uchrashuvimizda kelgusi yillarda amalga oshiriladigan rejalarni, xususan, 2027-yilda Istanbulda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan O‘zbek-Turk ilmiy forumini muhokama qildik. Ishonchim komilki, bu kabi qo‘shma tadbirlar yosh tadqiqotchilar uchun katta maktab vazifasini o‘taydi hamda allomaning boy ilmiy merosini yanada chuqurroq o‘rganishga xizmat qiladi, – dedi professor Kodirjon Keskinbora.
Mohigul Qosimova, O‘zA