“The Korea Herald” nashri Shavkat Mirziyoyev intervyusini e’lon qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Janubiy Koreya yetakchi nashri “The Korea Herald”ga bergan intervyusi e’lon qilindi.
Davlatimiz rahbari Janubiy Koreyaga davlat tashrifi arafasidagi intervyusida O‘zbekiston – Koreya munosabatlarining bugungi holati va istiqboli, yuqori texnologiyalar, investitsiya, inson kapitali hamda mintaqaviy hamkorlik masalasi haqida fikr bildirdi.

Prezidentning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmi besh barobar oshdi, Koreyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan jami investitsiyalari 8 milliard dollardan ziyodni tashkil etdi. Bugungi kunda ikki davlat ishtirokida 700 dan ortiq qo‘shma korxona va loyiha amalga oshirilmoqda.
Intervyuda sun’iy intellekt, muhim minerallar va yarim o‘tkazgichlar, robototexnika, elektr transporti, biofarmatsevtika, zamonaviy kimyo, “aqlli” qishloq xo‘jaligi va shaharlar kelgusi hamkorlik istiqbolli yo‘nalishi sifatida qayd etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ikki mamlakat hamkorligini alohida tarmoq doirasidan qo‘shma ishlab chiqarish tizimlari, texnologik platformalar va yangi bozorlarni shakllantirish bosqichiga olib chiqish muhimligini ta’kidlagan. O‘zbekiston yetakchisiga ko‘ra, bu ikki mamlakatga “taraqqiyotda birgalikda yangi sakrash”ga erishish imkonini beradi.
Shuningdek, intervyuda Markaziy Osiyo va Koreya o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollariga ham e’tibor qaratilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev bo‘lajak birinchi “Koreya – Markaziy Osiyo” sammitini strategik sheriklikning yangi bosqichi uchun muhim boshlanish nuqtasi sifatida baholadi va investitsiyaviy hamkorlik bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishishga umid bildirdi.
Intervyuning to‘liq matni bilan “The Korea Herald” nashrida tanishing.
D.HAKIMOV,
O‘zA