18-BRICS sammiti: Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi
Hindiston poytaxti Yangi Dehli shahrida 18-BRICS sammiti bo‘lib o‘tmoqda. Hindiston raisligida o‘tkazilayotgan yuqori darajadagi muloqotda tuzilmaga a’zo davlatlar rahbarlari, hamkor mamlakatlar vakillari ishtirok etdi.
Sammit «Barqarorlik, innovatsiyalar, hamkorlik va barqaror rivojlanish uchun bunyodkorlik» mavzusiga bag‘ishlandi. Muloqotda global boshqaruv tizimini takomillashtirish, ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, innovatsiyalar va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Sammitning birinchi kuni BRICS’ga a’zo davlatlar rahbarlarining “Inklyuziv global boshqaruv va ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlash” mavzusidagi uchrashuvi bilan boshlandi. Muloqotda zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimida yuzaga kelayotgan yangi voqeliklar, BMT va boshqa xalqaro institutlarni isloh qilish, rivojlanayotgan mamlakatlarning global qarorlar qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi sammitda so‘zlagan nutqida BRICS oldidagi navbatdagi 20 yil uchun yangi va yanada ulkan kun tartibini shakllantirish zarurligini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, tuzilma davlatlari o‘rtasidagi hamjihatlik va mushtarak yondashuvlar aniq amaliy natijalarga aylanishi lozim. Modi “Global Janub” mamlakatlari xalqaro boshqaruv tizimida nafaqat qoidalarga amal qiluvchi, balki ularni shakllantirishda faol ishtirok etuvchi tomonga aylanishi kerakligini bildirdi.
Shuningdek, u ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, global institutlarni isloh qilish va BRICS doirasida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladi.
Muloqotda “Global Janub” mamlakatlarining manfaatlarini yanada kengroq ifoda etish, xalqaro hamkorlikni tenglik va o‘zaro hurmat tamoyillari asosida rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi. Tomonlar xalqaro muammolarni siyosiy-diplomatik vositalar orqali hal etish, tinchlik va barqarorlikni ta’minlash tarafdori ekanini bildirdi.

Shundan so‘ng davlat rahbarlari “Bharat Innovates” innovatsiyalar ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Unda Hindistonning ilg‘or texnologiyalari, startaplari va chuqur texnologik ishlanmalari namoyish etildi. Ko‘rgazmada 37 ta innovatsion loyiha ishtirok etdi.

Sammitning e’tiborga molik tadbirlaridan yana biri davlat rahbarlarining birgalikda ko‘chat ekish marosimi bo‘ldi. BRICS mamlakatlari rahbarlari “Bharat Mandapam” majmuasi hududidagi yashil maydonda banyan daraxti ko‘chatlarini ekishda ishtirok etdi. Jami 10 ta banyan ko‘chati o‘tqazildi.

Mazkur tashabbus Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining “Ek Ped Maa Ke Naam” — “Ona nomiga bir daraxt” ekologik kampaniyasi bilan uyg‘un holda tashkil etildi. Daraxt ekish tadbiri BRICS sammitining barqaror taraqqiyot va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlarini ham ramziy ifoda etadi.
Sammit doirasida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing ham o‘tkazildi. Unda Hindiston Tashqi ishlar vazirligining iqtisodiy aloqalar bo‘yicha kotibi Sudhakar Dalela BRICS kun tartibidagi asosiy masalalar, jumladan, global boshqaruvni isloh qilish, ko‘p tomonlama hamkorlikni kuchaytirish va a’zo davlatlar o‘rtasida iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish masalalari yuzasidan ma’lumot berdi.
Sammit tadbirlari bugun ham davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, BRICS dunyoning yirik rivojlanayotgan bozorlari va mamlakatlarini birlashtiruvchi xalqaro hamkorlik platformasi. Ayni paytda tashkilot tarkibiga Braziliya, Xitoy, Misr, Efiopiya, Hindiston, Indoneziya, Eron, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Janubiy Afrika Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari kiradi.
Nurillo NASRIEV,
O‘zA