Tezkor tadbir va natija
Buxoro viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan giyohvandlik vositalari noqonuniy aylanmasiga qarshi keskin kurash olib borilmoqda. Ana shunday tezkor tadbirlardan biri Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi hamda bojxona idoralari hamkorligida amalga oshirilib, yirik miqdordagi narkotik moddalarning tarqalishiga barham berildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Buxoro shahrida yashovchi, 1993-yili tug‘ilgan va muqaddam narkotik moddalar bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan shaxs diqqat markaziga olingan. U boshqaruvidagi “Lacetti” rusumli avtomashina Kogon tumani hududida to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Tekshiruv jarayonida avtomashinaning motor qismidagi havo filtri ostiga yashirilgan 993 gramm “opiy” moddasi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Olib borilgan surishtiruv ishlari davomida mazkur shaxs ushbu narkotik vositani Termiz tumanida yashovchi, 1980-yili tug‘ilgan, xalqaro yuk tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxsdan olgani ma’lum bo‘ldi. Tezkor tadbirlar izchil davom ettirilib, u ham qo‘lga olindi va uning yonidan avvaldan Afg‘oniston hududidan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan 5 kilogramm, shuningdek, yashash manzilidan yana 7 kilogramm “opiy” giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida musodara qilindi.
Hozirgi kunda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Qonun ustuvorligini ta’minlash va jamiyat xavfsizligini muhofaza qilish yo‘lida bunday tadbirlar izchil davom ettiriladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.