Noqonuniy energiya iste’moliga qarshi sun’iy intellekt yechim bo‘ladimi?
“O‘zenergoinspeksiya”da sohada yangi strategik rejalashtirish va rivojlanish tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Soha vakillari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda “O‘zenergoinspeksiya” rahbari Dadajon Isaqulov davlatimiz rahbari tomonidan sohaga qaratilayotgan e’tibor natijasida energetika tizimida islohotlar izchil davom etayotgani, bu esa sohada samaradorlikni oshirish va boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Yig‘ilish avvalida sohada korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar samaradorligi tahlil qilinib, bu yo‘nalishda kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, tizimda shaffoflikni oshirish va nazorat mexanizmlarini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda qayd etilishicha, sun’iy intellekt texnologiyalari kelgusida energiya tizimida shaffoflikni oshirish, ma’lumotlarni tezkor tahlil qilish va shubhali holatlarni erta aniqlash imkonini beradi. Bu esa noqonuniy energiya iste’moli va yo‘qotishlarni kamaytirishda muhim vosita bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Shuningdek, muloqot davomida energiya resurslaridan samarali va oqilona foydalanishni ta’minlash, iste’molchilar o‘rtasida tejamkorlik madaniyatini oshirish bo‘yicha profilaktik targ‘ibot ishlarini faollashtirish hamda energiya auditi jarayonlarini to‘g‘ri tashkil etish yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi. Inspeksiyaning nazorat-kimyo laboratoriyalari tomonidan iste’molchilarga sifatli neft mahsulotlari yetkazib berilishi ustidan doimiy nazoratni kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar yuklatildi.
Yig‘ilish yakunida sohada sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, xodimlarning bu yo‘nalishdagi bilim va malakasini oshirish hamda maxsus o‘quv kurslarini tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA