Test sinovlari muvaffaqiyatli o‘tmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 27-maydagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga muvofiq Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tomonidan shu yilning 25-iyunidan boshlab Prezident maktablari, xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar, ixtisoslashtirilgan va muhandislik maktablariga kirish imtihonlari o‘tkazilmoqda.
25-iyun kuni Prezident maktablariga kirish uchun test sinovlari o‘tkazildi. 26-iyun kuni esa Xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarga kirish imtihonlari o‘tkazildi. Aytish kerakki, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida jami 220 ta maktab, jumladan 14 ta Prezident, 9 ta ijod, 202 ta ixtisoslashtirilgan, 2 ta sport maktabi hamda Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internat faoliyat yuritib kelmoqda.
2026/2027 o‘quv yilidan qo‘shimcha 21 ta maktabda 5 mingdan ortiq iqtidorli o‘quvchi uchun yangi ta’lim imkoniyatlari yaratiladi. Jumladan, Qashqadaryo, Namangan va Navoiy viloyatlarida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab filiallari tashkil etilib, 5–10-sinflarga qabul amalga oshiriladi. Toshkent shahrida xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internati tashkil etilib, tayyorlov guruhi hamda 1–7-sinflarga o‘quvchilar qabul qilinadi.
Shuningdek, 11 ta muhandislik maktabi, Mirzacho‘l, Romitan, Toyloq, Xovos, Toshkent va So‘x tumanlarida yangi ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Hujjatlar qabuli my.gov.uz va ariza.piima.uz platformalari orqali 15-maydan 14-iyunga qadar amalga oshirildi. Sport, ijod, ixtisoslashtirilgan maktablar, Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internati hamda “Prezident iqtidorli farzandlari” milliy dasturiga 15-maydan 4-iyungacha, Prezident maktablariga esa hujjatlar qabuli 25-maydan 14-iyungacha davom etdi.
[gallery-30098]
Qabul jarayonlarini muvofiqlashtirish maqsadida joriy yilning 1-may sanasidan “1206” qisqa raqamli Call-markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilib, bugungi kunga qadar 100 mingdan ortiq murojaatga javob berildi. Hududlardagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda tashkil etilgan shtablar ko‘magida esa barcha arizalarning qariyb 25 foizi rasmiylashtirildi.
Joriy yilgi qabul kampaniyasida jami 446 ming 530 nafar talabgorning hujjatlari qabul qilindi. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 165 ming nafarga yoki 60 foizga ko‘pdir. Taqqoslash uchun aytish kerakki, 2025/2026 o‘quv yilida 281 ming 599 nafar talabgor hujjat topshirgan edi.
Shundan Prezident maktablariga 60 ming 169 ta ariza kelib tushgan bo‘lib, bir o‘ringa o‘rtacha 179 nafar talabgor to‘g‘ri kelmoqda. Eng yuqori raqobat Farg‘ona viloyatida qayd etilib, bir o‘rin uchun 279 nafar nomzod da’vogarlik qilmoqda. Ijod maktablariga 8 ming 143 ta, ixtisoslashtirilgan maktablarga 217 ming 407 ta, “Prezident iqtidorli farzandlari” milliy dasturiga esa 31 ming 676 ta ariza topshirilgan.
Prezident maktablariga saralash bosqichi 25-iyunda o‘tgan bo‘lsa, ikkinchi bosqich esa 17-iyul kuni bir smenada o‘tkaziladi. Tizimdagi ijod, ixtisoslashtirilgan va boshqa maktablarga 26-iyun - 3-iyul kunlari, sport maktablariga amaliy va nazariy imtihonlar 1-10-iyul kunlari bo‘lib o‘tadi.
Joriy yilda talabgorlar soni keskin oshgani sababli respublika bo‘yicha jami 126 ta katta sig‘imli binolarda imtihon jarayonlari tashkil etilmoqda. Ma’lumot uchun aytish kerakki, o‘tgan 2025-yilda imtihon o‘tkazilgan binolar soni 50 tani tashkil etgan.
Test sinovlari o‘tkaziladigan binolar mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda imtihon jarayonlariga tayyorlandi. Xususan, binoda sovitish tizimi to‘liq ishlamoqda, shunga ko‘ra, binoda salqin xarorat mavjud hamda har bir talabgor o‘quvchilar suv bilan ta’minlangan.
Prezident maktablari imtihonlari Cambridge, ixtisoslashtirilgan maktablar imtihonlari esa Marshall Cavendish xalqaro ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etiladi. Barcha imtihonlar ochiqlik, shaffoflik va adolat tamoyillari asosida o‘tkazilib, jarayonlarni test2026.uz platformasi orqali onlayn kuzatish imkoniyati yaratiladi.
N.Usmonova,
F.Abdurasulov (surat),
O‘zA muxbirlari