O‘zbekiston ekologik ekspertiza shaffofligini oshirishda sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha yondashuvlarni taqdim etdi
Jeneva shahridagi Millatlar saroyida bo‘lib o‘tayotgan Orxus konvensiyasi Tomonlari ishchi guruhining 30-yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston ekologik boshqaruv sohasida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha o‘z tajribasini xalqaro hamjamiyatga taqdim etdi.
Tadbirda Davlat ekologik ekspertiza markazi mutaxassislari tomonidan mamlakatimizda ekologik axborotdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, qaror qabul qilish jarayonlarida jamoatchilik ishtirokini ta’minlash hamda ekologik boshqaruv tizimini raqamlashtirishga qaratilgan tashabbuslar haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanishicha, sun’iy intellekt texnologiyalari ekologik ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish va tarqatish jarayonlarini sezilarli darajada takomillashtirish imkonini beradi. Xususan, ular loyiha hujjatlarini tezkor tahlil qilish, kamchiliklarni aniqlash, ekologik xavflarni baholash va ekspert xulosalarining asosliligini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Davlat ekologik ekspertiza markazi hamda Atrof-muhitga ta’sirni baholash bo‘yicha xalqaro assotsiatsiyaning (IAIA) Italiyadagi hamkor tuzilmasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Hujjat milliy ekologik baholash tizimiga zamonaviy raqamli yechimlar va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishni nazarda tutadi.
Memorandum doirasida sun’iy intellekt vositalarini markazning raqamli tizimiga integratsiya qilish, pilot loyihalarni amalga oshirish, milliy metodologiya va amaliy qo‘llanmalar ishlab chiqish, shuningdek, mutaxassislar uchun xalqaro trening va malaka oshirish dasturlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Mutaxassislar fikricha, raqamli texnologiyalarni joriy etish algoritmlar shaffofligini ta’minlash, ma’lumotlarni tekshirish imkoniyatini saqlab qolish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Sanoat, energetika, qurilish va infratuzilma loyihalari soni ortib borayotgan bugungi sharoitda mazkur tashabbus O‘zbekiston uchun alohida ahamiyat kasb etmoqda. Zamonaviy texnologiyalar yirik sanoat, tog‘-kon, gidrotexnika va energetika ob’ektlariga oid loyihalarni ko‘rib chiqish sifati va samaradorligini yanada oshirish imkonini yaratadi.
O‘zbekistonning mazkur yig‘ilishdagi ishtiroki mamlakatning ochiqlik, hisobdorlik va ekologik ahamiyatga ega qarorlarni qabul qilishda jamoatchilik ishtirokini ta’minlash tamoyillariga sodiqligini yana bir bor namoyon etdi. Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish nafaqat davlat ekologik ekspertizasi samaradorligini oshiradi, balki jamiyatning ekologik islohotlarga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA