Test sinovlari bo‘lib o‘tmoqda
Bugundan 2026/2027 o‘quv yili uchun oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan testlarni yuqori saviyada va belgilangan tartib-qoidalarga mos tarzda tashkil etish uchun zarur barcha chora-tadbirlar ko‘rildi.
Test sinovlari respublika bo‘ylab belgilangan hududlarda tashkil etilib, ikki smenada o‘tkazilayapti. Mazkur test sinovlari jarayonlari 23-iyulga qadar (10 kun) bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilda jami 677 ming 907 nafar abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tdi. Shundan yoshlarning 451 ming 744 nafarini joriy yil bitiruvchilari, 226 ming 163 nafarini ta’lim muassasalarini avvalgi yillarda tamomlagan fuqarolar tashkil etdi.
[gallery-30411]
Test sinovlarida ishtirok etadigan abituriyentlar soni 664 ming 609 nafarni tashkil etadi. Aytish kerakki, salkam 13 ming nafar abituriyent testlarda ishtirok etmaydi. Sababi, ular milliy va xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lib, maksimal 189 balni jamg‘arib, muddatidan oldin talabalikka erishgan yoshlar.
Taqqoslash uchun aytadigan bo‘lsak, 2025/2026 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalarida hujjat topshirish jarayonida bu ko‘rsatkich 678 nafarni tashkil etgan edi. Qariyb 13 ming nafar yoshning test sinovlarisiz talabalikka qabul qilinishi davlatimiz rahbarining yoshlar bilimini rag‘batlantirishga oid islohotlari amaliy natijasidir.
Agar hududlar kesimida ko‘radigan bo‘lsak, joriy o‘quv yilida davlat oliy va kasbiy ta’lim tashkilotlariga kirish uchun Toshkent shahri, Samarqand, Farg‘ona, Qashqadaryo, Andijon viloyatlaridan abituriyentlar eng ko‘p onlayn ro‘yxatdan o‘tgan.
Yoshlarda ayniqsa, huquqshunoslik, iqtisodiyot, tibbiyot, axborot texnologiyalari kabi yo‘nalishlarga qiziqish katta.
N.Usmonova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA muxbirlari