Maktablarga munosib kadrlar saralanmoqda
Jizzax shahridagi Prezident maktabida umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun “Maktab maslahatchisi” lavozimiga nomzodlarni saralashning ikkinchi mavsumi ikkinchi bosqich suhbatlari davom etmoqda.
Mazkur jarayon davlatimiz rahbarining 2025-yil 8-sentabrdagi “Maktabdan tashqari ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-dekabrdagi “Kelajak” markazlari faoliyatini tartibga solishga qaratilgan ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan.
Suhbatlar Jizzax viloyati “Kelajak” markazi tomonidan o‘tkazilmoqda. Jarayonda Respublika “Kelajak” markazi vakili kuzatuvchi sifatida ishtirok etib, saralashning ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida tashkil etilishini ta’minlamoqda.
[gallery-30413]
Nomzodlar bilan o‘tkazilayotgan suhbatlarda ularning kasbiy bilim va salohiyati, liderlik qobiliyati, muloqot madaniyati, tashabbuskorligi, shuningdek, yoshlar bilan ishlash borasidagi amaliy ko‘nikmalari atroflicha baholanmoqda. Bu esa ta’lim muassasalari uchun bilimli, tashabbuskor va yuksak mas’uliyat hissiga ega mutaxassislarni tanlab olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Jizzax viloyatidagi 483 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi uchun “Maktab maslahatchisi” lavozimiga nomzodlar saralanayotgan bo‘lib, suhbat jarayonlarida 1333 nafar nomzod ishtirok etmoqda.
Mazkur saralashdan ko‘zlangan asosiy maqsad umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy muhitni yanada mustahkamlash, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, yoshlar bilan ishlash tizimiga yuqori malakali va salohiyatli kadrlarni jalb etishdan iborat. Suhbat yakunlariga ko‘ra, eng munosib nomzodlar “Maktab maslahatchisi” lavozimiga tavsiya etiladi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari