Jarqo‘rg‘onda harbiy xizmatchilar va ularning oilalari uchun sayyor qabul o‘tkazildi
Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, murojaatlarini o‘rganish, mavjud muammolarga joyida yechim topish hamda huquqiy yordam ko‘rsatish maqsadida ommaviy sayyor qabul tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari – Harbiy prokuror Qahramon Isroilov hamda Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning mas’ul vakillari ishtirok etdi.
Dastlab o‘tkazilgan ochiq muloqotda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish, ular uchun yaratilgan imkoniyatlar, qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va ulardan foydalanish tartibi yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi.
Shundan so‘ng harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari, harbiy pensionerlar va yoshlarning murojaatlari tinglandi. Fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan masalalar mas’ullar ishtirokida batafsil o‘rganilib, ayrimlarini joyida hal etish choralari ko‘rildi. Qo‘shimcha o‘rganish va muayyan vaqt talab etadigan murojaatlar esa tegishli tartibda nazoratga olindi.
Shuningdek, qabul davomida fuqarolarga o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan huquqiy maslahatlar berildi. Murojaatlarni qonunchilik talablari asosida ko‘rib chiqish, ularning ijrosini ta’minlash va fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratildi.
[gallery-32016]
Sayyor qabul doirasida aholi bandligini ta’minlash masalasi ham e’tibordan chetda qolmadi. Tashkil etilgan mehnat yarmarkasida harbiy xizmatchilarning oila a’zolari va yoshlarga mavjud bo‘sh ish o‘rinlari taklif etildi. Ish izlayotgan fuqarolarga bandlik imkoniyatlari yuzasidan ma’lumotlar berildi.
Bunday sayyor qabullar harbiy xizmatchilar va ularning oilalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, aholi murojaatlarini bevosita o‘rganish, davlat idoralari bilan fuqarolar o‘rtasidagi ochiq muloqotni mustahkamlash hamda ko‘tarilgan masalalarga amaliy yechim topishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA