Tennis bilan shug‘ullanuvchilar soni 3 ming nafarga yetkaziladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 21-sentabr kuni qabul qilingan “Tennis sport turini ommalashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, 2030-yilgacha mamlakatimizda tennis bilan doimiy shug‘ullanuvchilar sonini 3 ming nafarga, murabbiylar sonini 200 nafarga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-oktabrdan O‘zbekistonda tennis bo‘yicha qator musobaqalarni an’anaviy tarzda o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish, pirovardida mamlakatimizni Osiyoning top-5 taligiga kiritish maqsad qilingan.
Belgilangan rejaga binoan yurtimizda Professional tennischilar assotsiatsiyasi (ATP), Ayollar tennisi assotsiatsiyasi (WTA) va Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) shafeligidagi xalqaro musobaqalar o‘tkazilishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, yoshlar va kattalar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi, yoshlar, o‘smirlar va kattalar o‘rtasida Respublika chempionati, kattalar o‘rtasida “Uzbekistan Open” xalqaro turniri hamda erkaklar o‘rtasida “ATP Challenger” xalqaro musobaqasi tashkil etiladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA