Tehron: Hurmuz bo‘g‘ozi ustidan nazorat AQSHda emas
Eron harbiylari AQSH prezidenti Donald Trampning Hurmuz bo‘g‘ozi ustidan nazorat Qo‘shma Shtatlar qo‘lida ekani haqidagi bayonotini “uydirma” deb atadi. Islom Respublikasi harbiy qo‘mondonlik vakili Ibrohim Zolfagarining aytishicha, savdo kemalari va tankerlar ruxsatsiz bu strategik yo‘ldan xavfsiz o‘ta olmaydi. Hozirda kemalardan tranzit to‘lovi undirilmoqda.
Tramp chorshanba kuni o‘zining “Truth Social” platformasida suv yo‘li ustidan “to‘liq nazorat” o‘rnatilganini yozgan. U AQSHning dengiz blokadasini “po‘lat devor” deb atagan. Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi Vashington Hurmuz masalasida vaziyatni yana noto‘g‘ri baholayotganini ta’kidladi.
Parlament Milliy xavfsizlik qo‘mitasi a’zosi Behnom Saidiy esa AQSH va Isroil kemalariga o‘tishga ruxsat berilmasligini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Tehron va Masqat yangi qatnov yo‘nalishini belgilash bo‘yicha muzokara olib bormoqda.
Kelishuv hali yakuniga yetmagan. Eron Tashqi ishlar vazirligi tayyorlanayotgan hujjat texnik, huquqiy, xavfsizlik va ekologik masalalarni qamrab olishini bildirgan. Rasmiy manbalarga ko‘ra, bo‘g‘ozni qayta ochish Vashingtonning Eron portlariga qo‘ygan dengiz blokadasini bekor qilishiga bog‘liq.
Musulmon Ziyo, O‘zA