Turkiya kino festivali 75 viloyatda o‘tadi
Qardosh davlat Madaniyat va turizm vazirligi O‘zAga bergan ma’lumotga ko‘ra, Turkiya kino festivali 26-27-sentabr kunlari mamlakatning 75 viloyatida o‘tadi.
Anjuman doirasida qariyb 1 500 kinoteatrda 17 mahalliy va xorijiy film namoyish etiladi.
Kino bosh boshqarmasi ko‘magida Kinoteatrlar sarmoyadorlari uyushmasi (SİSAY) tomonidan ushbu tadbir sohani rivojlantirish va kinoteatrlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ikkinchi bor o‘tkazilmoqda. O‘tgan yil shu tariqa 780 000 dan ko‘p tomoshabin jalb etilgan.
Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy kinoning jamiyatni birlashtiruvchi kuchi haqida shunday dedi:
– Kinoning birlashtiruvchi kuchini yana bir bor his qilamiz.
Mulozim fuqarolar, ayniqsa yoshlar va oilalarni kinoteatrlarga borib, namoyishlarda qatnashishga chaqirdi.
Dasturidan turli janrdagi mahalliy va xorijiy filmlar o‘rin olgan festival faqat yangi kartinalar namoyishi bilan cheklanmay, kino tomosha qilish madaniyatini qo‘llab-quvvatlash ham maqsadini ham ko‘zlagan. Tashkilotchilar “Film kinoteatrda tomosha qilinadi” g‘oyasi orqali kino asarlarini yirik ekranda, jamoa bo‘lib tomosha qilish tajribasiga e’tibor qaratmoqda.
Nodira Qayumova, O‘zA