Teatr – hayot ko‘zgusi
27-mart – Xalqaro teatr kuni
Teatr insonga ruhiy kuch-quvvat bag‘ishlaydi. Bu maskanda garchi zal tomoshabinlar bilan to‘la bo‘lsa-da, o‘z o‘zi, muammolari, o‘zligi bilan yolg‘iz qoladi. Hayot mazmuni, uni nedir yorug‘ iz bilan to‘ldirmoqlik haqida o‘yga toladi.
27-mart – Xalqaro teatr kuni munosabati bilan san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa fanlari doktori (PhD), teatrshunos olima Gulnoza Shavkatovaga bir necha savollar bilan murojaat etdik:
– San’at sohasi, ayniqsa, teatr san’ati rivoji doim moddiy qo‘llab-quvvatlashni talab etadi. Shu ma’noda mamlakatimizda teatrlar ravnaqiga xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishning ajralmas qismi sifatida alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Bugungi kunda mamlakatimiz teatrlarining eng katta yutuqlari nimalardan iborat deb o‘ylaysiz?
– Yangi O‘zbekistonning ustuvor yo‘nalishlari qatorida teatr san’atini rivojlantirish masalasi ham izchil va tizimli tarzda amalga oshirilmoqda. So‘nggi yillarda mazkur sohada kuzatilayotgan islohotlar, avvalo, teatrlarni davlat tomonidan kompleks qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarining shakllanishi bilan xarakterlanadi. Bu jarayon doirasida moddiy-texnik bazaning mustahkamlanishi, zamonaviy sahna texnologiyalarining joriy etilishi va infratuzilmaning yangilanishi ijodiy faoliyat samaradorligini sezilarli darajada oshirishga xizmat qilmoqda. Ayni paytda milliy dramaturgiyani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, klassik hamda zamonaviy asarlarning yangi rejissyorlik talqinlarida sahnalashtirilishi teatr repertuarining mazmunan boyishi va estetik qamrovining kengayishiga olib kelmoqda.

Bu esa tomoshabinning badiiy didi va ma’naviy ehtiyojlarini qondirishda muhim omil sifatida namoyon bo‘lmoqda. Shu bilan birga, xalqaro madaniy hamkorlikning kengayib borayotgani, teatr jamoalarining nufuzli xorijiy festivallarda faol ishtirok etishi, qo‘shma ijodiy loyihalarning amalga oshirilishi milliy teatr maktabining jahon madaniy makonidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Teatr pedagogikasi, rejissura va aktyorlik san’atida innovatsion yondashuvlarning tatbiq etilishi esa sohada yangi avlod ijodkorlarini shakllantirish, ularning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, so‘nggi yillarda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining teatr san’ati yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan kafedralari filiallarining mamlakatimizning yetakchi teatrlari qoshida tashkil etilishi ta’lim va amaliyot integratsiyasini ta’minlashga qaratilgan muhim institutsional qadam sifatida e’tirof etish mumkin.
Ushbu o‘zgarishlar teatr san’atining nafaqat madaniy, balki ijtimoiy-ma’naviy ahamiyatini yanada oshirib, uni jamiyat taraqqiyotining muhim omili sifatida mustahkamlamoqda.
– Nima uchun ba’zan hatto yaxshi spektakllarga ham zal tomoshabinlar bilan to‘la emasligidek holatlar uchraydi. Buni qanday izohlagan bo‘lar edingiz?
– Zamon shiddat bilan rivojlanib borayotgan hozirgi davrda tomoshabinlarning nafaqat teatrlarga, balki kinozallarga tashrifi ham ma’lum darajada kamayib borayotgani kuzatilmoqda. Ushbu holatni bir qator o‘zaro bog‘liq omillar bilan izohlash mumkin. Avvalo, zamonaviy axborot makonida raqobatning keskinlashuvi, raqamli platformalar va turli ijtimoiy media kontentlarining keng tarqalishi tomoshabin e’tiborini an’anaviy madaniy makonlardan ma’lum ma’noda chetlashtirmoqda.
Shu bilan birga, tomoshabinda spektakl tomosha qilish madaniyatining yetarli darajada shakllanmagani ham muhim omillardan biri hisoblanadi. Chunki, spektaklni qabul qilish tomoshabindan faqat vizual idrok qilish bilan cheklanmay, balki uni tahlil qilish, mazmun-mohiyatini anglash va muayyan xulosalar chiqarish kabi intellektual va estetik kompetensiyalarni ham talab etadi. Bu esa har bir tomoshabinda shakllanishi mushkul bo‘lgan madaniy va ma’naviy fazilatlar qatoriga kiradi. Demak, mazkur muammoni faqat badiiy sifat yoki repertuar masalasi bilan cheklab bo‘lmaydi. U ijtimoiy-psixologik muhit, axborot iste’moli madaniyati va teatr muassasalarining kommunikatsion strategiyalari bilan ham uzviy bog‘liqdir.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, bugungi kunda teatrlarga tashrif buyurayotgan tomoshabinlar teatr san’atining haqiqiy ixlosmandlari hisoblanadi. Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan teatrlar misolida kuzatsak, har bir teatrning o‘z auditoriyasi va sadoqatli muxlislar qatlami shakllanganini ko‘rish mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, teatr ijodkorlarining badiiy izlanishlari va ijodiy mehnatining samarasi sifatida baholanishi mumkin.
– Shunday hollar kuzatiladiki, tomoshabin dramatik, g‘oyasi og‘ir va murakkab asardan ko‘ra, yengil, komik asarlarga tushishni ko‘proq afzal biladi. Bu nima bilan bog‘liq va umuman, qaysi janrdagi sahna asari tomoshabinga ko‘proq ma’naviy ozuqa beradi, uni ruhlantiradi?
– Tomoshabin teatrga, avvalo, madaniy hordiq olish, estetik zavqlanish va ma’naviy ehtiyojlarini qondirish maqsadida tashrif buyuradi. Shu ma’noda u bir vaqtning o‘zida ham tomoshabin, ham dam oluvchi sifatida namoyon bo‘ladi. Teatr san’ati esa ana shu ikki jihatni uyg‘unlashtirgan holda tomoshabin ongi va hissiyotiga ta’sir ko‘rsatadi. Yuzaki qaraganda yengil tuyulgan komediya janridagi asarlarni sahnalashtirish, aslida, murakkab ijodiy jarayon hisoblanadi. Chunki rejissyor kulgi orqali jamiyatdagi muayyan muammolar, ziddiyatlar va hayotiy haqiqatlarni spektakl orqali badiiy shaklda ifoda etadi. Kulgi bu faqat ko‘ngilochar vosita emas, balki tanqidiy tafakkurni uyg‘otuvchi estetik mexanizmdir. Tomoshabin sahnada, avvalo, o‘zini izlaydi. U salbiy qahramonlarda o‘zining kamchiliklarini, ijobiy obrazlarda esa o‘zining orzu qilingan fazilatlarini ko‘radi. Ana shu ichki identifikatsiya jarayoni tomoshabinning spektaklga bo‘lgan qiziqishi va emosional ishtirokiga kuchli ta’sir ko‘rsatadi.
Bugungi kunda rejissyor oldida turgan muhim vazifalardan biri – jamiyatda kechayotgan ijtimoiy jarayonlarni teran kuzatish va ularni sahna tiliga mohirona ko‘chira olish. Chunki, tomoshabinni o‘ziga jalb etadigan asosiy omil bu sahnadagi voqelikning hayotiyligi va dolzarbligidir. Bu jihatni “Kelinlar qo‘zg‘oloni” spektakli misolida ham yaqqol kuzatish mumkin. U o‘z davrida anshlag bilan namoyish etilgan bo‘lib, buning asosiy sabablaridan biri spektaklda ko‘tarilgan mavzuning o‘sha davr ijtimoiy muhitiga to‘la mos kelganidir. Ya’ni, oilalarning bir hovlida yashashi, kelin-kuyov munosabatlari kabi masalalar tomoshabinga yaqin va tanish bo‘lgan. Spektakl komediya janrida bo‘lishiga qaramay, uning mazmunida o‘tkir ijtimoiy fikr va hayotiy xulosalar mujassam edi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, tomoshabinga ma’naviy ozuqa beradigan omil spektaklning janri emas, balki uning badiiy g‘oyasi, maqsadi va mazmun-mohiyatidir. Aynan shu jihatlar spektaklning ta’sir kuchini belgilab, tomoshabin qalbi va tafakkurida muayyan iz qoldiradi.
– Bugun davlat teatrlari bilan birga nodavlat teatrlar faoliyati uchun ham keng sharoitlar yaratilgan. Buning ahamiyati haqida nimalar deya olasiz? Nodavlat teatr-studiyalari ham o‘z sahna asarlarini muayyan badiiy kengash ko‘rigidan o‘tkazadilarmi?
– Jahon teatr amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, nodavlat teatrlar zamonaviy madaniy makonda innovatsion faoliyat yurituvchi sub’ekt sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ularning faoliyati, avvalo, bozor iqtisodiyoti sharoitida mustaqil ravishda o‘zini moliyalashtirish zarurati bilan belgilanadi. Mazkur omil esa ijodiy jamoani yanada faol, tashabbuskor va moslashuvchan bo‘lishga undaydi. Xususan, bunday teatrlarda faoliyat olib borayotgan aktyorlar nafaqat sahnaviy mahoratini namoyon etadi, balki marketing, kommunikatsiya va auditoriya bilan ishlash jarayonlarida ham bevosita ishtirok etadi.
Shuningdek, nodavlat teatrlar spektaklni tomoshabin bilan hamkorlikda yaratiladigan ijodiy jarayon sifatida qabul qiladi. Tomoshabin fikriga e’tibor qaratish, u bilan ochiq muloqot qilish va fikr almashish amaliyoti teatrning auditoriya bazasini kengaytirish, uning ijtimoiy ta’sir doirasini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu esa zamonaviy teatrning kommunikativ va interaktiv tabiatini yanada yaqqol namoyon etadi.
Kelgusida nodavlat teatrlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bilan bir qatorda, ularning badiiy darajasi va estetik sifatini ta’minlovchi professional baholash tizimlarini takomillashtirish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Chunki, ijodiy erkinlik va bozor mexanizmlari bilan birga, san’atning yuksak badiiy mezonlari ham uyg‘un holda rivojlanishi zarur. Shu bois, baholash mexanizmlarini joriy etish nodavlat teatrlarning barqaror va sifatli rivojlanishiga xizmat qiluvchi muhim omil sifatida e’tirof etiladi.
– Samimiy suhbat uchun tashakkur!
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova yozib oldi.