Oliygoh hovlisida – Navro‘z sayli
Navro‘z – xalqimizning eng qadimiy va sevimli bayramlaridan biri bo‘lib, o‘zida ezgu g‘oya va qadriyatlarni mujassam etgan holda, bayram sayillari yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanib, davom etmoqda.
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir!” shiori ostida Navro‘z sayli yuksak saviya, ko‘tarinki kayfiyat va milliy an’analar uyg‘unligida tashkil etildi.
Tadbirda Amerika Qo‘shma Shtatlari, Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tojikiston kabi davlatlardan tashrif buyurgan mehmonlar, yurtimiz ziyolilari, san’at vakillari, OAV xodimlari hamda oliygoh professor-o‘qituvchi va talabalari ishtirok etdi.
[gallery-28364]
Navro‘z saylida Filologiya va san’at fakulteti jamoasi Xorazm viloyatining boy madaniy merosi, milliy urf-odat va an’analari hamda qadriyatlarini yorqin namoyon etdi.
Bayram doirasida universitet rektori Feruza Madrahimova boshchiligida mehmonlar fakultetlar pavilonlari bilan tanishdi.
O‘ttiz mingdan ortiq talabalar tahsil olayotgan universitetning fakultet jamoalari tomonidan tashkil etilgan pavilonlarda yurtimiz hududlariga xos urf-odatlar, an’analar, badiiy chiqishlar va milliy taomlar jonli tarzda namoyish etilib, tadbirga o‘ziga xos rang-baranglik bag‘ishladi.
Bayramga yurtimizning taniqli san’atkorlari, madaniyat arboblari va mahoratli dorbozlar tashrif buyurib, bayram tadbirlariga yanada ko‘tarinkilik va zavq bag‘ishladi.
Navro‘z sayli milliy qadriyatlarimizni talabalar orasida ulug‘lanishi, yoshlar ijodini namoyon etish va yurtimizning boy madaniy merosini keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat),
O‘zA muxbirlari