Taxtiqorachada maxsus xizmatlar sinovdan o‘tkazildi
Urgut tumanidan o‘tuvchi “Taxtiqoracha” dovonida Favqulodda vaziyatlarning oldini olish harakatlarini boshqarishning davlat tizimi (FVDT) hududiy xizmatlarining maxsus-taktik o‘quv mashqi bo‘lib o‘tdi.
Samarqand viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabariga ko‘ra, o‘quv mashqi bir nechta bosqichda o‘tkazilgan. Dastlabki bosqichda dovonda qor ko‘chkisi sodir bo‘lganda, tegishli xizmatlarning kuch-vositalari favqulodda vaziyatni bartaraf etish uchun yig‘ilib ularning shayligi saf ko‘rigi orqali ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, qor ko‘chkisi sodir bo‘lish xavfi mavjud hududlardan aholi va moddiy boyliklarini xavfsiz joylarga ko‘chirish ishlari amalda ko‘rib chiqildi.



Navbatdagi bosqichlarda qor ko‘chkisi oqibatida transport vositalari bilan bog‘liq shartli ravishda sodir etilgan avto-avariyalar oqibatlari bartaraf etilib, qor ko‘chkisi ostida qolgan fuqarolarni qidirish hamda qutqaruv ishlarini amalga oshirish, jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish mashq qilindi.



Bundan tashqari, o‘quv mashqi davomida dovonda ikki tomonlama yo‘l harakatini tiklash, avtomobil yo‘lini qordan tozalash, yo‘l qatnov qismining sirpanchiq va tik qiyali hududlariga qum va qum-tuz aralashmasini sepish, yo‘l belgilarini ta’mirlash ishlari, olib borildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri