Osiyo xotin-qizlari forumi yakuni bo‘yicha Deklaratsiya qabul qilindi
O‘zbekiston Osiyo xotin-qizlari II forumiga mezbonlik qildi. Buxoro shahrida bo‘lib o‘tgan forum “Ayollarga investitsiya – barqaror o‘sish asosi: xotin-qizlarning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik imkoniyatlarini kengaytirish” mavzusiga bag‘ishlandi.
Tadbirda 20 dan ortiq xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi ijrochi direktori, SHHT, xalqaro moliya institutlari, Sharqiy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo, Janubiy Osiyo hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlarining ayol a’zolari, Hukumat vakillari, shuningdek, xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari vakillari ishtirok etdi.
Forum ochilishi va sessiyalarda mahalliy davlat hokimiyati organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, yetakchi ayollar, ishbilarmon doiralar, siyosatshunoslar, ijtimoiy soha faollari, olimlar hamda turli iqtisodiyot tarmoqlari vakillari qatnashdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti forum ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi. Forumning ochilish marosimida tabrikni Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘qib eshittirdi.
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning forum ishtirokchilariga yo‘llagan samimiy tabriklari nufuzli anjumanga alohida mazmun bag‘ishlaganini e’tirof etdi. Forum ishtirokchilari nomidan davlatimiz rahbariga samimiy qutlov uchun, qimmatli fikr va tashabbuslar uchun chuqur minnatdorlik bildirildi.

– Ushbu murojaat – bu shunchaki tabrik emas, balki davlat rahbarining xotin-qizlarga bo‘lgan munosabatining yorqin ifodasi, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash borasidagi qat’iy siyosiy irodaning namunasi, - dedi T.Norboyeva. – Bugun ishonch bilan ayta olamizki, O‘zbekistonda gender tenglik sohasida erishilayotgan barcha yutuq va natijalar shuning mevasi, qolaversa, butun jamiyatimizning yakdil va maqsadli harakati natijasidir. Bu jarayonlarda Prezident Administratsiyasi, Parlament va Hukumat, fuqarolik jamiyati institutlarining faollik va yakdillik bilan harakat qilmoqda.
O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani qayd etildi. Mazkur forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqida ilgari surgan tashabbusining amaliy natijasidir.
Ma’lumki, Samarqandda o‘tkazilgan birinchi forum bunday muloqot maydoniga qanchalik katta ehtiyoj borligini ko‘rsatdi va xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi. Endilikda bu maydonni doimiy platformaga aylantirish yo‘lida muhim qadam tashlandi.
BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili va BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze kelajak haqida muloqot aynan tarixiy Buxoroda olib borilayotgani chuqur ramziy ma’noga ega ekanini e’tirof etdi.
– Buxoro asrlar davomida ilm-fan, ma’rifat, madaniyatlararo muloqot va diplomatiya markazi bo‘lib kelgan, – dedi Kaxa Imnadze. – Bugun esa ushbu qadimiy shahar mintaqa ayollarining yetakchiligi, ilmiy salohiyati va hamkorlik tashabbuslarini birlashtiruvchi muhim maydonga aylandi.

Forumda xotin-qizlar huquq va manfaatlariga qaratilgan muhim masalalarga e’tibor qaratildi. “Xotin-qizlarning iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash – barqaror bandlik, tadbirkorlik va muvozanatlashgan mintaqaviy o‘sish omili” mavzusida o‘tkazilgan sessiyada xotin-qizlarning mehnat bozori va biznesdagi ishtirokini kengaytirish, munosib va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, daromadlardagi gender tafovutni qisqartirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekani qayd etildi.
“Ilm-fan, ta’lim, ekologiya, innovatsiya va sun’iy intellekt sohalarida xotin-qizlar: yangi avlod imkoniyatlari” mavzusidagi sessiyada xotin-qizlarni STEM ta’limiga jalb etish, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasida ularning salohiyatini rivojlantirish, ekologik tashabbuslardagi ishtiroki hamda texnologiyalar orqali sodir etiladigan gender zo‘ravonlikka qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi.
Qizlarni sifatli ta’limga keng jalb etish, zamonaviy kasb va ko‘nikmalarni egallashi uchun shart-sharoit yaratish, shuningdek, ularni ilmiy tadqiqotlar va texnologik startaplarga faol jalb qilish barqaror taraqqiyotning muhim omili ekani qayd etildi.
“Xotin-qizlarning ijtimoiy himoyasi va huquqiy kafolatlarini mustahkamlash hamda raqamli muhitda xavfsizlikni ta’minlash: barqaror va inklyuziv jamiyatni shakllantirishning ustuvor yo‘nalishlari” mavzusidagi sessiyada O‘zbekistonning xotin-qizlar huquq va manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish, kibermakondagi tahdidlarga qarshi samarali mexanizmlarni joriy etish borasidagi tajribasi, shuningdek, Osiyo davlatlari bilan mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Korrupsiyaning ayollar iqtisodiy imkoniyatlariga ta’siri, raqamli muhitda gender zo‘ravonlikning oldini olish, intellektual mulk huquqlarini himoya qilish va ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Sessiyalar yakunlari bo‘yicha mazkur yo‘nalishlarda xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va aniq amaliy mexanizmlarni joriy etishga kelishib olindi.
Osiyo xotin-qizlar ikkinchi forumi yakunlari bo‘yicha Deklaratsiya qabul qilindi.
Mazkur hujjatda xotin-qizlarni davlat va jamoat boshqaruvi hamda qarorlar qabul qilish jarayonlarida ishtirok etishi sohasida ularning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, ayollar va qizlarning sifatli ta’lim, ilm-fan, texnologiyalar hamda innovatsiyalar, shu jumladan, raqamli ko‘nikmalarni egallash imkoniyatlaridan teng foydalanishini ta’minlash zarurligi bilan bog‘liq chaqiriqlar o‘rin olgan.
Forum ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasiga Osiyo ayollari ikkinchi forumini o‘tkazgani hamda Osiyoda ayollarning roli va imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida muloqot va hamkorlikni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlari uchun minnatdorlik bildirdi.
Norgul Abduraimova, O‘zA