“Tashkent Law Spring”: Raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va huquqiy jarayonlarni avtomatlashtirish
Toshkentda o‘tkazilayotgan “Toshkent huquq bahori” (“Tashkent Law Spring”) xalqaro yuridik forumi o‘z ishini davom ettirmoqda.
Forumda 40 dan ortiq davlatdan adliya vazirlari, tartibga soluvchi organlar vakillari, yirik xalqaro huquqshunoslar, Legal Tech sohasining yetakchi ekspertlari, IT mutaxassislar hamda biznes vakillari ishtirok etmoqda.
“Raqamli texnologiyalar davri: kelajakka huquqiy nazar” – forumning asosiy mavzusi sifatida tanlagan.
Forum doirasida dolzarb mavzularda sessiyalar bo‘lib o‘tmoqda. Ularda biri – sun’iy intellekt va odam arbitrajda mavzusiga bag‘ishlandi.
Aytib o‘tish kerakki, jahon miqyosidagi mashhur arbitraj ekspertlari sun’iy intellektning xalqaro nizolarni hal qilishga transformatsion ta’sirini o‘rganadi.

"Sun’iy intellekt yoki odam: arbitrajda kim g‘olib bo‘ladi?" sessiyasi besh nafar taniqli amaliyotchini birlashtirdi.
O‘zgarayotgan huquqshunoslik kasbi, sun’iy intellekt imkoniyatlari, ammo misli ko‘rilmagan samaradorlik bilan birga axloq, maxfiylik va adolatga qat’iy rioya qilish shartlari kabi dolzarb masalalar bo‘yicha fikr almashildi.
“Raqamli texnologiyalar davri: kelajakka huquqiy nazar” mavzusidagi sessiyada notariat sohasida zamonaviy texnologiyalarni yanada kengroq qo‘llash va amaldagi muammolarni tahlil qilish, xorijiy davlatlarning notariat sohasidagi ilg‘or tajribalarini o‘rganish, uni kengroq tatbiq etish hamda sohani yanada takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish uchun muhokama maydoni yaratildi.
Xalqaro notariuslar ittifoqi prezidenti Lianel Galliyez mazkur tuzilmaning Yevropa, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vakillari, Fransiya, Germaniya, Vengriya, Rossiya, Singapur, Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya kabi davlatlarning notariat sohasi mas’ullari, mamlakatimizda faoliyat olib boruvchi 90 nafar notarius ishtirok etdi.
Tadbirda notariat sohasida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan masalalar, jumladan, notarial xizmatlarni ko‘rsatishda kiberxavfsizlik va ma’lumotlarni himoya qilish, raqamli dunyoda notariusning ijtimoiy mas’uliyati, notariat sohasida elektron hujjat almashuv va raqamli texnologiyalarni qo‘llash, masofadan notarial xizmatlarni ko‘rsatish hamda notariatning inson huquq va manfaatlarini himoya qilishdagi o‘rni kabi mavzularda fikr almashildi.
Forum ishtirokchilariga O‘zbekistonda notariat sohasini raqamlashtirishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Xususan, onlayn notarial harakatlarni amalga oshiruvchi “E-notarius.uz” axborot tizimi joriy etilgani, notarial harakat rasmiylashtirish uchun fuqarolardan talab qilinadigan hujjatlar idoralararo elektron hamkorlik orqali notarius tomonidan mustaqil ravishda olinishi yo‘lga qo‘yilgani aytib o‘tildi.

Adliya vazirligi tomonidan notariat sohasida amalga oshirilgan ishlar va O‘zbekiston Notarial palatasi faoliyatini yoritib beruvchi kitobcha va ko‘rgazmalar tashkil etildi.
Forum doirasida o‘tkazilgan “LegalTech 2025: huquqiy jarayonlarni avtomatlashtirish” mavzusidagi sessiyada yuridik kasbning zamonaviy holati va muammolarini tahlil qilish, xorijiy LegalTech sohasida mavjud ilg‘or tajribalarni o‘rganish, uni kengroq tatbiq etish hamda sun’iy intellekt asrida huquqshunoslik kasbini yanada takomillashtirishga e’tibor qaratildi.
Tadbirda xorijiy huquqshunos mutaxassislar va mamlakatimizning yuridik muassasalari tomonidan LegalTech sohasidagi muhim ahamiyatga ega bo‘lgan masalalar muhokama qilindi.
Jumladan, generativ sun’iy intellektning huquqiy amaliyotdagi o‘rni, AQSHda yuristlarning 71 foizi tomonidan sun’iy intellekt (SI) texnologiyalari joriy qilingani, Germaniyada LegalTech kompaniyalari orqali jamoaviy huquqiy himoyani amalga oshirish, Yevropa Ittifoqida SI texnologiyalarini qo‘llashdagi huquqiy xavf-xatarlar, biometrik ma’lumotlarni reglamentlash bo‘yicha xalqaro tajriba, mijozlar bilan ishlashda yangi yondashuvlar kabi mavzularda fikr almashilib, bu borada hamkorlik qilish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Ishtirokchilar O‘zbekistonda huquqiy xizmatlarni raqamlashtirish yo‘lga qo‘yilgani, ovoz orqali savol-javob tizimi joriy etilgani kabi yangiliklar bilan tanishtirildi. Mamlakatimizda huquqiy texnologiyalarning imkoniyatlarini ochib beruvchi raqamli yechimlar va platformalarning namoyishi tashkil etildi.
Forum doirasida Adliya vazirligi huzuridagi «Adolat» Milliy huquqiy axborot markazi bilan xalqaro huquqshunoslik muassasalari o‘rtasida 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik rejasini imzolash masalasi muhokama qilindi. Mazkur kelishuv bilan huquqshunoslarning xalqaro stajirovkalarini tashkil etish, xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlikda LegalTech loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishib olindi.
Bunday kengaytirilgan va professional formatdagi tadbir O‘zbekiston va xorijiy davlatlarda huquqshunoslik faoliyati sifatini oshirishga qaratilgan raqamli islohotlarni kompleks va chuqur muhokama qilish, jahondagi yangi tendensiyalarni tahlil qilish imkonini bermoqda.
N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA