Eron terma jamoasi Jahon chempionatida ishtirok etish uchun viza oldi.
Eronning Anqaradagi elchisi Muhammad-Hasan Habibollazoda milliy terma jamoa futbolchilari 2026-yilgi Jahon chempionatida ishtirok etish uchun zarur bo‘lgan vizalarni qo‘lga kiritganini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, mazkur nufuzli turnir joriy yilning 11-iyunidan 19-iyuliga qadar AQSH, Kanada va Meksika maydonlarida bo‘lib o‘tadi.
IRIB axborot agentligi elchining so‘zlariga tayanib xabar berishicha, terma jamoa a’zolari uchun vizalar qisqa muddatda 48 soat ichida rasmiylashtirib berilgan. Bunda futbolchilarning Meksika elchixonasida shaxsan bo‘lishlari va barmoq izlarini topshirishlari talab etilmagan.
Eslatib o‘tamiz, Eron va AQSH o‘rtasidagi keskin qurolli to‘qnashuvlar tufayli forslarning ushbu dunyo birinchiligidagi ishtiroki katta so‘roq ostida qolayotgan edi. Dastlabki rejaga ko‘ra, Eron terma jamoasi AQSHning Arizona shtatida joylashishi kerak edi.
Biroq xavfsizlikka tahdidlar mavjudligi sababli, Eron tomoni FIFAga rasmiy iltimos bilan chiqib, o‘z mashg‘ulot bazasini Meksikaga ko‘chirishni so‘radi. Keyinchalik Eron futbol federatsiyasi prezidenti Mehdi Taj ushbu so‘rov tashkilot tomonidan ijobiy hal etilganini tasdiqlagandi.
F. Yaxshiboyeva, O‘zA