Tarjimonlar – talabalar
3-6-may kunlari Samarqand shahrida o‘tkaziladigan Osiyo taraqqiyot banki boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishida ishtirok etadigan xorijlik mehmonlarga Samarqand davlat chet tillar institutining tajribali professor-o‘qituvchilari va talabalari tarjimonlik qilishadi.
– Samarqandda o‘tkaziladigan bunday nufuzli forum va xalqaro anjumanlarda institutimiz professor-o‘qituvchilari, talabalar muntazam gid-tarjimon sifatida muntazam ishtirok etadi, – deydi Samarqand davlat chet tillar institutining xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori J.Nasrullayev. – Bu borada yaxshi tajriba to‘plangan va tarjimonlarimiz uchun o‘quv dasturlaridan tashqari, doimiy tarzda seminarlar, amaliy mashg‘ulotlar o‘tiladi. Bu gal Osiyo taraqqiyot banki yig‘ilishida 9 xorijiy til bo‘yicha 400 nafarga yaqin vakillarimiz qatnashadi. Shu paytgacha ularga avvalo mazkur moliya muassasasi faoliyati, mamlakatimiz bilan aloqalari haqida ma’lumot berdik. Tadbir ishtirokchilarning tarkibidan kelib chiqib, ularni qiziqtiradigan masalalar yuzasidan tarjimonlarimizga materiallar tarqatildi.


Institutda xalqaro forumga jalb qilinadigan tarjimon va volontyorlar uchun o‘tkazilgan navbatdagi mashg‘ulotda Osiyo taraqqiyot banki, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar hamda investitsiyalar, savdo va sanoat vazirligi mas’ullari, anjumanga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha bosh shtab vakillari ishtirok etdi.



Seminarda xorijlik mehmonlarga yuqori darajada sifatli xizmat ko‘rsatish, ularning yurtimiz haqidagi taassurotlarini boyitish uchun tarjimon va volontyorlarga zarur tushunchalar, tavsiya va takliflar berildi. Xususan, xalqaro protokol va madaniyatlararo muloqotga qat’iy amal qilish, tarjimonlikda aniqlik va samimiylik kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari