Ijtimoiy sheriklik: Nurafshon shahrida davra suhbati
Nurafshon shahrida Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Toshkent viloyati hududiy bo‘linmasi tashabbusi bilan “Toshkent viloyatida jamoatchilik nazorati mexanizmlari: xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda xalq deputatlari tuman va shahar kengashlari deputatlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, “Oqila ayollar” harakati a’zolari, viloyatda faoliyat olib boruvchi nodavlat notijorat tashkilotlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha izchil islohotlar olib borilmoqda. Maqsad davlat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish bo‘lib, jamiyatda “Davlat – bosh islohotchi” tamoyilidan “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” tamoyiliga o‘tishni anglatadi.
Mazkur tadbirdan ko‘zlangan maqsad ham davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ochiqlikni ta’minlash va mahalliy darajadagi muammolarni yechishda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Unda so‘zga chiqqanlar, deputatlarning NNTlar va mahalla bilan faol hamkorligi hududlarda jamoatchilik nazoratini kuchaytirib, fuqarolik jamiyati institutlarini davlat organlari faoliyati ustidan “xalqona nazorat” o‘rnatuvchi asosiy kuchga aylantirishini ta’kidladi.
– Davlat boshqaruvi tizimiga jamoatchilik nazoratini joriy etish va “davlat – jamiyat – fuqaro” tamoyilini hayotga tatbiq etishda viloyatdagi nodavlat notijorat tashkilotlari va mahallalarning o‘rni beqiyos, – deydi Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Toshkent viloyati hududiy bo‘linmasi yetakchi mutaxassisi Sh.Axunjonova. – Ayni paytda Toshkent viloyati bo‘yicha 800 dan ziyod nodavlat-notijorat tashkilotlari ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ular asosan ijtimoiy himoya, ekologiya, huquqiy savodxonlik va yoshlar masalalari bilan shug‘ullanmoqda. Birgina o‘tgan yilning o‘zida viloyatdagi ijtimoiy ahamiyatga molik 10 dan ziyod loyihalarni moliyalashtirish uchun davlat grantlari sifatida 1 milliard 200 million so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi. Bundan tashqari, xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab quvvatlash markazining viloyat bo‘limi tomonidan 2025-yil davomida 14 ming 547 nafar ayollar va yoshlar kasb-hunarga o‘qitildi va imtiyozli kreditlar olishda huquqiy yordam ko‘rsatildi.

Davra suhbatida kelgusidagi rejalar atroflicha ko‘rib chiqildi.
A.Musayev,O‘zA.