Tanzila Norboyeva: Ayollar huquqlarini ta’minlash – global xavfsizlikning ajralmas qismidir
Osiyo xotin-qizlarining II forumini kirish so‘zi bilan ochgan Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning forum ishtirokchilariga yo‘llagan samimiy tabriklari nufuzli anjumanga alohida mazmun bag‘ishlaganini e’tirof etdi.
Forum ishtirokchilari nomidan Davlatimiz rahbariga samimiy qutlov uchun, qimmatli fikr va tashabbuslar uchun chuqur minnatdorlik bildirildi.
– Ushbu murojaat – bu shunchaki tabrik emas, balki Davlat rahbarining xotin-qizlarga bo‘lgan munosabatining yorqin ifodasi, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash borasidagi qat’iy siyosiy irodaning namunasidir, - dedi T.Norboyeva. – Bugun ishonch bilan ayta olamizki, O‘zbekistonda gender tenglik sohasida erishilayotgan barcha yutuq va natijalar shuning mevasi, qolaversa, butun jamiyatimizning yakdil va maqsadli harakati natijasidir. Bu jarayonlarda Prezident Administratsiyasi, Parlament va Hukumat, fuqarolik jamiyati institutlarining faollik va yakdillik bilan harakat qilmoqda.
Xalqaro tashkilotlar, birinchi navbatda, BMT agentliklari, xalqaro moliya institutlari qo‘llovi bilan bu maqsadlar birgalikda amalga oshirilmoqda.
Forum dunyoda ro‘y berayotgan murakkab global chaqiriqlar – iqlim o‘zgarishlari, iqtisodiy beqarorlik, raqamli tafovut va turli ziddiyatlar fonida o‘tkazilayotganiga e’tibor qaratildi. Afsuski, bunday inqirozlardan, birinchi navbatda, xotin-qizlar va bolalar jabr ko‘rayotir.
Shunday bir sharoitda, gender tenglik va ayollar huquqlarini ta’minlash masalasi shunchaki ijtimoiy adolat emas, balki barqaror iqtisodiy o‘sish va global xavfsizlikning ajralmas qismiga aylandi.
“O‘zbekiston xalqaro hamjamiyatning teng huquqli a’zosi sifatida xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash borasidagi global kun tartibiga to‘la sodiq ekanligini yana bir bor qayd etmoqchiman. Biz BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini, xususan, gender tenglikka erishishga qaratilgan 5-maqsadni milliy taraqqiyot Strategiyamizning o‘zagiga aylantirdik. Shuningdek, Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi Konvensiya va boshqa xalqaro hujjatlar doirasidagi majburiyatlarimizni izchillik bilan amalga oshirmoqdamiz”, dedi Senat raisi.
Norgul Abduraimova, O‘zA