Osiyo forumida mintaqa ayollari adolatli dunyoni barpo etish yo‘lidagi ulkan bunyodkor kuch ekani e’tirof etildi
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Osiyo xotin-qizlari forumi ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigi tadbirga katta shukuh bag‘ishladi.
Prezidentimiz tabrigida qayd etilganidek, Osiyo xalqlarining tarixi, madaniyati, qadriyatlari bir-biriga yaqin hamda mushtarak bo‘lib, bu jihat mintaqada barcha sohalarni o‘zaro birlashtiradigan, turli millat ayollarini hamkorlikka chorlaydigan omillardan hisoblanadi. Bugun Osiyo qit’asida istiqomat qilayotgan 5 milliardga yaqin aholining qariyb yarmini ayollar tashkil etadi. Biz ularning timsolida nafaqat nafosat sohibalarini, balki mamlakatlarimiz taraqqiyotini jadallashtirish, xalqlar farovonligini yuksaltirish va adolatli dunyoni barpo etish yo‘lidagi ulkan bunyodkor kuchni ko‘ramiz.
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Prezidentimiz e’tirof etganidek, xotin-qizlarning huquq va erkinliklari, manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish yangi O‘zbekiston islohotlarining ustuvor yo‘nalishiga aylanganini alohida ta’kidladi. Zero, ayolga e’tibor – bu, avvalo, inson shaxsiga, uning qadriga bo‘lgan yuksak ehtiromning oliy namunasi. Xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash faqat siyosiy vazifa emas, balki erkin va farovon jamiyat barpo etish yo‘lidagi izchil demokratik yangilanishlarning ajralmas qismi hamdir.

Keyingi yillarda yurtimizda gender tenglikni ta’minlash borasida mustahkam huquqiy va institutsional poydevor yaratildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya hamda “O‘zbekiston - 2030” strategiyasi ayollar huquqlari, onalik va bolalikni himoya qilishning institutsional kafolatlarini mustahkamladi.
O‘tkazilayotgan forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqida ilgari surgan tashabbusining amaliy natijasidir.
Ma’lumki, Samarqandda o‘tkazilgan birinchi forum bunday muloqot maydoniga qanchalik katta ehtiyoj borligini ko‘rsatdi va xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi. Endilikda bu maydonni doimiy platformaga aylantirish yo‘lida muhim qadam tashlandi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA