Taniqli ijodkor Ashurali Jo‘rayev 70 yoshda
Ustoz haqida so‘z
Hozir har bir kunimiz shu qadar tezlashgan, yumushlarimiz ko‘payganki, yaqin birodarlarimizdan ham o‘z vaqtida ahvol so‘rashga vaqtimiz bo‘lmayapti. Do‘stlar, yaqinlar bilan Telegram kanallar orqali yozishib, turli tarmoqlar orqali xabarlashib turamiz, xolos. Hatto, qo‘ng‘iroq qilib gaplashish, jonli muloqotlardan ham uzoqlashib boryapmiz.
Kuni kecha uzoq yillar bir tahririyatda ishlagan yaqinimning tug‘ilgan kunidan xabar topib, uni tabriklash uchun yaxshi tilaklar bildirgim keldi va telegramdagi manzilga dil so‘zlarni yozishga kirishdim.
Shunda Telegram tarmoqda Ashurali Jo‘rayevdan kelgan bir xabar e’tiborimni tortdi. Nima gap ekan, deb qarasam, aka yetmishga kirgani munosabati bilan ijodiy kecha va bir piyola choyga taklifnoma ekan. Qarang, yetmish yil o‘tib, ketibdi.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida salkam o‘n besh yil birga ishlagan, bir-birimizning oilaviy tadbirlarimizda qatnashgan, yelkadosh va dardkash bo‘lgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ashurali Jo‘rayev bugun muborak yetmish yoshni qarshi olayotganligi meni o‘sha damlarga nazar tashlashga chorladi.
O‘tgan asrning 1987-88 yillari edi. Gazeta ko‘plab sohalardagi eng dolzarb muammolarni ko‘tarib, ularga yechim topish uchun o‘z qarashlarini dadil oshkor etayotgan paytlar. O‘sha paytlarda Ashurali aka o‘ttiz yoshlar atrofidagi shijoatli yigit edi. Muharrirning topshiriqlaridan ortib, o‘z ustida izlanib, bor imkoniyati va salohiyati bilan ijod qilishga kirishgan damlar. U gazetaning har bir nashriga, albatta, bir maqola yoki suhbat tayyorlashda ilg‘orlardan edi. Ularda, albatta, xalq dardi va umidlari o‘z ifodasini topardi.
Talabchan, o‘z hayot yo‘lini, butun borlig‘ini gazetasiz tasavvur eta olmaydigan Odil Yoqubov, Ibrohim G‘afurov, Mamatqul Hazratqulov singari ijodkorlar bilan bir safda ijod qilish yengil kechmagan. Buning uchun bilim, salohiyat va chidamli bo‘lish shart edi. Ashurali Jo‘rayevda bu xislatlar ana shu jamoada shakllandi. O‘z ustida tinimsiz izlandi. Turli mavzularni o‘ziga xos usulda yangi ruknlar ostida o‘quvchiga yetkazishga harakat qildi va buning ustidan chiqdi.

– Jurnalist bo‘lishga ishtiyoq paydo bo‘lgan paytlarimda tuman gazetasida kichik xabarlarim chop etilardi. Otam sodda, ko‘pam gazeta o‘qimasdi. Mening yigirma, qirq, oltmish qator hajmda bosilgan xabarlarni ukalarim otamga o‘qib berar edi. Bir kuni otam oldilariga chaqirdilar. – Bu ukalaring o‘qib berayotgan narsalar yaxshi. Lekin tuzukroq narsa yozgin. To‘rtta odam o‘qib, senga rahmat aytadigan bo‘lsin, –dedilar deb eslaydi u kishi otasi haqidagi xotiralarida.
Gazetamiz sahifasida Ashurali Jo‘rayevning “Hamqishloqlarimga maktublar” rukni ostida chop etilgan materiallari el nazariga tushdi. Tanqid asosiga qurilgan bu materiallar ko‘plab qishloqlar aholisining kundalik turmush muammolarini ko‘tarib chiqdi va bu muammolar yechim topdi. “Teleanketa” rukni ostidagi materiallar esa televideniyedagi saviyasi past ko‘rsatuvlarni nishonga oldi. Bu ham anchagina muhokama va bahslarga sabab bo‘ldi.
Bir kuni gazeta sahifalarini tayyorlash va materiallarni o‘qishda navbatchilik Ashurali akaning chekiga tushgan kun edi. Kechga tomon to‘rtta sahifani olib kirib berdim. U paytlarda hozirgidek texnika yo‘q. Bir uyum qog‘ozlar ichida o‘ralashib, ijod bilan band ekanlar. Oradan ancha vaqt o‘tib sahifalarda tuzatishlar bo‘lsa, qolib ketmasin, deb xabar oldim.
Shunda: “Uka hozir, qarab beraman. To‘xtang, sarlavhalarda xato yo‘qmi, keling qo‘l qo‘yib beraman”, – deb hazilomuz so‘z qildilar. Keyin bilsam, o‘sha damlarda Botir Zokirov xotirasiga bag‘ishlangan kitob yozilayotgan ekan. Oradan ko‘p o‘tmay “Yurak bo‘ronlari” nomli kitob nashr etildi. Vaqtlar o‘tib otasi Ochil boboning niyatlari amalga oshdi. Ashurali Jo‘rayev ijodida insonlar o‘qib unga rahmat aytadigan kitob dunyo yuzini ko‘rdi. Ijodkor o‘sha damda yuragining bir chetida tugib qo‘ygan niyatiga erishdi. Kitob yangi xotiralar bilan uch marotaba to‘ldirilgan shaklda qayta nashrdan chiqdi.
– Botir Zokirov bilan bor-yo‘g‘i ikki marotaba uchrashganman, – deb eslaydi Ashurali aka. – O‘shanda juda kamtar odamligini eshitib, o‘zimni uning oldida katta bir ijodkordek his qilgandim. Lekin u inson bilan suhbat chog‘ida hali hech nimani bilmasligimni anglagandim. Qarshimda kamtar, samimiy inson o‘rnida aslida katta tog‘ paydo bo‘lgan edi. Bu shunchaki oddiy gap emas. Kitob nashr qilinishidan avval bir sahifa maqola bosilgan edi. Maqola nashr etilgach, o‘quvchilardan yarim qopdan ziyod maktub kelgan. Shular asosida va Botir akani bilgan, tanigan kimki bo‘lsa, barchasidan xotiralarni yozib olganman va bu izlanishlarim davom etmoqda. Botir Zokirov Yurtboshimiz aytganidek, o‘zbek estrada san’atining asoschisi. U haqda hali ko‘p yoziladi.

Ashurali Jo‘rayev ijodiy faoliyati davomida ko‘plab badiiy, publitsistik asarlar yaratdi va yaratmoqda. Ayniqsa, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida mehnat qilgan 1983-1996-yillar davomida dolzarb muammolarga bag‘ishlangan ko‘plab maqolalari bilan o‘quvchilar e’tiborini qozondi. Ayniqsa, uning “Hamqishloqlarimga maktublar” nomli e’lon qilib borilgan chiqishlari xalqimiz dunyoqarashi va madaniyati o‘sishiga xizmat qildi. Shu bilan birga, insonlar hayotidagi ko‘plab muammolarga ijobiy yechim topildi.
Ashurali Jo‘rayevning “Yo‘l boshida”, “Toshbaqalar poygasi”, “Yurak bo‘ronlari”, “O‘q uzgan kim?”, “Senga ko‘ngil bersam”, “Dil gavhari”, “Tanimading-a?”, “Sahifaga sig‘magan satrlar”, “Maysalar uyg‘ongan tong”, “Onajon” kabi yana o‘nlab badiiy va publitsistik asarlari o‘z muxlislariga ega.
Bugun muborak yetmish yoshni qarshi olayotgan serqirra ijodkor, yozuvchi, publitsist, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Ashurali Jo‘rayev O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida yoshlarga saboq berish bilan birga, ijodda ham qalam tebratib kelmoqda.
O‘z ta’biri bilan aytganda, jurnalistika bu tinimsiz mehnat. Ana shu mehnat unga zavq bag‘ishlaydi, kuch beradi, shijoatga undaydi. Ustozga uzoq umr, kuch-quvvat tilaymiz.
Asror Sulaymonov,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.
O‘zA