AQSH – O‘zbekiston: tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari, jumladan, Elchixonaning Iqtisodiy va tijorat bo‘limi rahbari Deniel Rakov bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda tibbiyot va farmatsevtika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, ustuvor yo‘nalishlar hamda AQSH bilan amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Xususan, investitsiya, texnologiyalar transferi, farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish, biotexnologiya va ilmiy-tadqiqot ishlari yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muloqot davomida "BioPharma City" farmatsevtika klasteri ekotizimi, uning ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarish infratuzilmasi, shuningdek, xorijiy kompaniyalar va ilmiy-ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari taqdim etildi.
Tomonlar AQSH kompaniyalari, universitetlari va sohaviy tashkilotlari bilan qo‘shma investitsiyaviy va ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, zamonaviy texnologiyalarni jalb etish hamda mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashinuvini rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Uchrashuv doirasida AQSH elchixonasi vakillari Pharmaceutical Technical University (PTU) faoliyati bilan ham tanishdi. Ularga universitetning ta’lim va ilmiy infratuzilmasi, shuningdek, klasteri doirasida farmatsevtika, biotexnologiya va tibbiy tadqiqotlar sohalarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA