Ta’lim islohotlarining tayanchi
Mamlakatimizda kelajagimiz egalari bo‘lgan yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor qaratilib, ularning zamonaviy ta’lim olishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Ayniqsa, maktabgacha ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida bog‘chalarning qamrovi kengayib bormoqda. Bu borada pedagog, "Tashkent International University of Education" universiteti magistranti Surayyo Gapparova O‘zA muxbiriga o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
— Bugun Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti haqida so‘z yuritar ekanmiz, avvalo, ta’lim va tarbiya sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni alohida ta’kidlash joiz. Zero, har qanday jamiyatning kelajagi uning ta’lim tizimi va yosh avlodga yaratib berilayotgan imkoniyatlari bilan chambarchas bog‘liq.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ta’lim tizimi, xususan, maktabgacha ta’lim sohasini tubdan isloh qilishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda pedagogning maqomi, mehnati, kasbiy mahorati va mas’uliyatiga alohida o‘rin berilmoqda.
Maktabgacha ta’lim sohasidagi islohotlarning natijasi raqamlarda yaqqol ko‘rinadi. Masalan, 2017-yilda mamlakatimizda maktabgacha ta’lim bilan qamrov atigi 30 foiz atrofida bo‘lgan. O‘sha davrda Prezidentning maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan qaror va farmonlari qabul qilinib, sohani yangi bosqichga olib chiqish ishlari boshlandi.
So‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijasida bog‘chalar soni keskin ko‘paydi. 2024-yil yakuniga oid rasmiy ma’lumotlarda bog‘chalar soni 38 mingtaga, maktabgacha ta’lim qamrovi esa 76 foizga yetgani qayd etilgan. Bugungi kunda esa mamlakatimizda maktabgacha ta’lim bilan qamrov 78 foizga yetdi. Endigi maqsad esa bu ko‘rsatkichni 80 foizga yetkazishdir. So‘nggi sakkiz yilda bog‘chalarda bolalar uchun yaratilgan o‘rinlar soni 2,5 milliontaga ko‘paygani ham sohadagi ulkan o‘zgarishlar ko‘lamini ko‘rsatadi.
Ya’ni, qisqa davr ichida qamrov qariyb uch barobarga yaqin oshdi. Bu oddiy raqam emas. Bu yuz minglab bolalar uchun ta’lim va tarbiya eshiklari yanada keng ochilganini anglatadi.
Bog‘cha — ta’limning birinchi pog‘onasi. Bola hayotida maktabgacha ta’limning o‘rni beqiyos. Bog‘chada bola nafaqat bilim oladi, balki jamoa bilan muloqot qilishni, o‘z fikrini ifodalashni, do‘stlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni, mustaqil harakat qilishni o‘rganadi. Shuning uchun bugungi zamonaviy bog‘cha oddiy tarbiya maskani emas, balki bolaning kelajakdagi shaxsiy va intellektual rivojlanishiga poydevor yaratadigan muhim ta’lim muassasasidir.
Har qanday islohotni qog‘ozda qabul qilish mumkin, ammo uni hayotga tatbiq etadigan birinchi inson pedagogdir. Tarbiyachi bolaning qalbiga birinchi bo‘lib yo‘l topadi. Uning bir og‘iz shirin so‘zi, mehr bilan aytgan maslahati, oddiy bir mashg‘uloti bolaning dunyoqarashida katta iz qoldirishi mumkin.
Shu bois, pedagogdan bugun faqat bilim berish emas, balki zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanish, bolaning individual qobiliyatini anglash, o‘yin orqali ta’lim berish va har bir tarbiyalanuvchiga alohida yondashish talab etilmoqda.
2026-yil 4-fevralda Prezidentimizga maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha taqdimot o‘tkazilgan edi. Unda davlat bog‘chalaridagi pedagoglarning 61 foizi, nodavlat bog‘chalardagi xodimlarning esa 76 foizi o‘rta maxsus ma’lumotga ega ekani qayd etildi. Shu sababli pedagoglarning kasbiy salohiyatini oshirish va ularga oliy ma’lumot olish imkoniyatlarini kengaytirish muhim vazifa sifatida belgilangan.
Jumladan, 2026–2027 o‘quv yilidan pedagogika oliy ta’lim tashkilotlarida maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha dasturlarni xalqaro ilg‘or tajribalar asosida takomillashtirish, amalda ishlayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli pedagoglar uchun esa “5+1” dual ta’lim asosida bakalavrlar tayyorlash tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan.
“O‘zbekiston — 2030” strategiyasida maktabgacha ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish va bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini 2030-yilga borib 80 foizga yetkazish ustuvor maqsad sifatida belgilangan. Shuningdek, maktabga tayyorlov guruhlari bilan bolalarni 100 foiz qamrab olish vazifasi qo‘yilgan.
Bu maqsadlar pedagoglar zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Chunki ta’lim sifatini oshirish faqat yangi binolar yoki zamonaviy jihozlar bilan emas, avvalo, bilimli, izlanuvchan va mehrli pedagoglar bilan ta’minlanadi.
Bugun O‘zbekistonda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar kelajakka qo‘yilayotgan eng muhim sarmoyadir. 2017-yildagi taxminan 30 foizlik qamrovdan 2026-yildagi 78 foizlik ko‘rsatkichgacha bo‘lgan yo‘l maktabgacha ta’lim sohasida ulkan o‘zgarishlar amalga oshirilganini ko‘rsatadi. Endigi vazifa esa nafaqat qamrovni 80 foizga yetkazish, balki ta’lim-tarbiya sifatini yanada yuksaltirishdir.
Bu ezgu maqsadlarni amalga oshirishda har bir pedagogning o‘rni beqiyos. Zero, bugungi tarbiyachi qo‘lida ertangi O‘zbekistonning bunyodkori bo‘ladigan avlod taqdiri bor. Shunday ekan, pedagogni qadrlash, uni qo‘llab-quvvatlash va kasbiy salohiyatini yuksaltirish — ta’lim islohotlarining eng muhim shartlaridan biridir. Zero, sifatli ta’lim — buyuk kelajak poydevori, fidoyi pedagog esa shu poydevorning mustahkam ustunidir.
O‘zA muxbirii Muhtarama Komilova yozib oldi.