O‘zbekistonda eng ko‘p tanlangan kasb qaysi?
Bugun mehnat bozorida “Qaysi kasbni egallasam, ish topishim osonroq bo‘ladi?” degan savol yoshlar uchun tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Hududlardagi ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va sanoat tarmoqlarining o‘ziga xosligi esa qaysi mutaxassisliklarga ehtiyoj yuqori ekanini ham belgilab bermoqda.
Texnikumlarning 2025/2026 o‘quv yili uchun qabul parametrlarini shakllantirish, taqsimlash va ularning bajarilish samaradorligi tahlil qilindi. Natijalarga ko‘ra, respublika bo‘yicha eng ommabop yo‘nalish avtomobillarni ta’mirlash va ularga xizmat ko‘rsatish bo‘lgan.
Ushbu yo‘nalishga jami 249 ming 130 nafar o‘quvchidan 50 ming 208 nafari hujjat topshirgan. Bu umumiy ko‘rsatkichning 20,2 foizini tashkil etadi. Demak, har besh nafar talabgordan taxminan biri avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish va ularni ta’mirlash sohasini tanlagan.
Qizig‘i, hududlar kesimida kasblarga bo‘lgan qiziqish bir xil emas. Har bir hududning iqtisodiy salohiyati, ishlab chiqarish tarmoqlari va xizmat ko‘rsatish sohalari u yerda qaysi mutaxassisliklarga talab yuqoriligini belgilamoqda.
Masalan:
— Toshkent shahrida — kompyuter tizimlarida dasturlash;
— Samarqand viloyatida — sartaroshlik;
— Surxondaryo viloyatida — qutqaruvchilik;
— Farg‘ona viloyatida — tikuvchilik mahsulotlari dizayni;
— Toshkent viloyatida — kimyoviy ishlab chiqarish laboranti;
— Navoiy viloyatida — foydali qazilmalarni maydalash va saralash yo‘nalishlariga qiziqish yuqori bo‘lgan.
Bu raqamlar yoshlarning kasb tanlashida hudud omili ham muhim ekanini ko‘rsatadi. Masalan, poytaxtda raqamli texnologiyalarga oid mutaxassisliklar ko‘proq tanlanayotgan bo‘lsa, sanoat salohiyati yuqori hududlarda ishlab chiqarish va konchilik bilan bog‘liq kasblarga ehtiyoj yuqori.
Shu jihatdan, kasb tanlashda nafaqat shaxsiy qiziqish, balki muayyan hududda qaysi sohalar rivojlanayotgani va mehnat bozorida qanday mutaxassislarga ehtiyoj borligini ham hisobga olish muhim.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA