Talabalikka tavsiya etilmaslik, imkoniyatlar tugadi degani emas...
Oliy ta’limga kirishda yil sayin raqobat kuchaymoqda. Bu yil qariyb 678 ming nafar abituriyent universitetga kirish uchun harakat qildi. Ammo ularning barchasi ham talabalik baxtiga erisha olmadi. O‘tish ballarining sezilarli oshishi esa bu yilgi qabulda har bir ballning qiymati yanada ortganini ko‘rsatdi.
Bugun mamlakatimizda OTMlar quvvati yetarli. Ammo bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanganlik darajasi qay tarzda kechmoqda?
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mavjud universitetlar sig‘imi mehnat bozoridagi barcha ehtiyojni qoplash uchun yetarli. Shu sababli yangi oliy ta’lim muassasalarini ochishga hozircha ehtiyoj yo‘q. Chunki u sifatsiz ta’lim beradigan universitetga aylanib qolishi mumkin. Bundan tashqari 2026-yilda OTMni tamomlagan bitiruvchilarning 70 foizi ish bilan ta’minlangan, yil yakuniga qadar ushbu ko‘rsatkichni 100 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida bo‘lib o‘tgan “2026/2027 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari natijalari: yakuniy ko‘rsatkichlar va keyingi qadamlar” mavzusidagi matbuot anjumanida taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bu yil 677,9 ming nafar yosh bakalavriatga kirish uchun ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, ularning 389,1 ming nafari 56,7 balldan yuqori natija qayd etib, tanlovda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Yakunda esa 209,1 ming nafar abituriyent talabalikka tavsiya etilgan.
Ro‘yxatdan o‘tganlar bilan talabalikka tavsiya etilganlar o‘rtasidagi farq qariyb 469 ming nafarni tashkil etadi. Qabul jarayoni “avval test — so‘ng tanlov” tamoyili asosida ikki bosqichda tashkil etildi. Test sinovlari respublika bo‘yicha 64 ta katta sig‘imli binoda o‘tkazildi. Barcha binolar statsionar va 360 darajaga aylanuvchi videokuzatuv moslamalari bilan jihozlandi. Test jarayonlari abituriyentlarning ota-onalari uchun test2026.uz sayti orqali onlayn translyatsiya qilib borildi. Milliy va xalqaro sertifikatlarga ega qariyb 13 ming nafar, shuningdek, belgilangan imtiyozlarga ega 302 nafar abituriyent test sinovlaridan ozod qilindi. Test natijalari esa sinov o‘tkazilgan kunning ertasiga e’lon qilib borildi. Ko‘rinib turibdiki, qabul imkoniyatlari kengaygan, ammo raqobat ham oshgan.
Joriy o‘quv yilida bakalavriat uchun jami 201 719 ta qabul kvotasi ajratildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 6 392 taga ko‘p. Davlat grantlari ham ko‘paytirilib, 36 023 ta o‘rin belgilandi. Biroq kvotalarning oshishi avtomatik ravishda raqobat pasayishini anglatmadi. Aksincha, davlat granti bo‘yicha o‘rtacha o‘tish bali 121,8 balldan 134,6 ballga, kontrakt bo‘yicha esa 84,9 balldan 93,7 ballga ko‘tarildi. Ya’ni grantga kirish uchun o‘rtacha natija 12,8 ballga, kontrakt uchun esa 8,8 ballga oshgan. Bu abituriyentlar o‘rtasidagi raqobat jiddiy kuchayganini anglatadi.
Abituriyentlar tanlovida ham mehnat bozoridagi tendensiyalar aks etmoqda. Eng ko‘p qiziqish bildirilgan yo‘nalishlar orasida “Davolash ishi”, “Iqtisodiyot” va “Filologiya va tillarni o‘qitish: ingliz tili” bor. Oliy ta’lim muassasalari kesimida esa Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va O‘zbekiston Milliy universiteti eng ko‘p tanlangan OTMlar qatorida bo‘lgan. Shu bilan birga, davlatning qabul siyosatida zamonaviy texnologiyalarga ehtiyoj ham alohida o‘rin egallamoqda. Xususan, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yo‘nalishlari bo‘yicha davlat grantlari 35 foizga oshirilgani mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklarga e’tibor kuchayganini ko‘rsatadi.
Xo‘sh, 2026/2027 o‘quv yilida talabalikka tavsiya etilmagan yoshlar uchun qanday imkoniyatlar taqdim etiladi?
Qayd etilishicha, talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar uchun qo‘shimcha qabul va tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt mexanizmlari mavjud. Bundan tashqari, universitetga kira olmagan yosh professional ta’lim tizimi, xususan, texnikumlarda o‘qib, kasb va mutaxassislik egallashi mumkin. Hozirda butun dunyoda, jumladan, O‘zbekistonda ham o‘rta bo‘g‘in mutaxassislariga talab yuqori. Shu bois texnikumlarni xalqaro darajaga olib chiqish ishlari amalga oshirilmoqda. Xususan, bu yil 100 ta texnikum shunday darajaga chiqariladi. Ularni bitirgan yoshlar nafaqat O‘zbekistonda, balki 70 dan ortiq davlatda diplomi asosida ishlashi mumkin.
Demak, mandat natijasi yoshlarning ta’lim yo‘lini to‘liq belgilab bermaydi. Universitetga kirish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda ham kasb egallash va keyinchalik ta’limni davom ettirish uchun boshqa imtiyozlar beriladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA